Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari to‘g‘risida axborot berildi.

Brifing parlament quyi palatasining YouTubedagi rasmiy sahifasida jonli efirga uzatildi.

Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov umumxalq muhokamasi jarayonida vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlarda, shuningdek Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida jami 20 mingga yaqin muhokama tadbirlari tashkil qilinganini maʼlum qildi.

Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar qo‘shimchalar mavzusida davlat va nodavlat telekanallarda 11,5 mingdan ortiv lavha, intervyu, informatsion va maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi, radiokanallarda 3 mingga yaqin informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi. Markaziy, hududiy va siyosiy partiyalar nashrlarida 1 ming 100 dan ko‘proq maqola chop etilgan. Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda jami 46 ming 720 ta axborot materiali eʼlon qilingan.

Maʼlum qilinishicha, umumxalq muhokama jarayonida 150 mingdan ortiq taklif kelib tushgan. Takliflarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning 56% tashabbuskori erkaklar, 40% esa ayollar bo‘lib, qolgan 4% o‘zlarining shaxsini ochiqlamagan. Takliflarning 67 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar taqdim etgan.

Taklif mualliflarining eng kichigi – 15 yoshni va eng yoshi ulug‘i – 95 yoshni tashkil etmoqda.

Xorijdagi vatandoshlarimiz ham mazkur jarayonda befarq bo‘lishmadi. Jumladan, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.

Umumxalq muhokamasi davomida qariyb 40 marotaba masʼul qo‘mitalarning majlislari o‘tkazildi. Ularda mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik, OAV vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning takliflari masʼul qo‘mitalarda muhokama etildi. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan esa masofadan turib onlayn ish olib borildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini bugungi kunda 7 turdagi ekspertiza, jumladan:

• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan lingvistik ekspertiza;

• Qonunchilik palatasi yuridik boshqarmasi tomonidan huquqiy ekspertiza;

• Adliya vazirligidan dastlabki tarzdagi huquqiy ekspertiza;

• Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan gender-huquqiy ekspertiza;

• Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza;

• Savdo-sanoat palatasi tomonidan jamoatchilik ekspertizasi;

• Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazildi.

“Yana qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazamiz, undan keyin siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalar o‘tkazamiz va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqamiz. Albatta, har bir jarayonni ochiq va oshkora yoritib boramiz.

Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan uni deputatlarimiz muhokamasiga kiritamiz. Deputatlarimiz fikrini olgan holda keyinchalik tayyor bo‘ladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yilishini rejalashtirganmiz”, dedi brifingda Jahongir Shirinov.