O‘zbekistonda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar Yevropa OAV diqqat markazida

O‘zbekistonda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar Yevropa OAV diqqat markazida

Yevropaning «EU Reporter»  axborot platformasida «Konstitutsiya islohoti: O‘zbekistonni modernizatsiya qilish yo‘lidagi yangi sahifa» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Unda maqola muallifi –  «Diplomatic World Institute» (Belgiya) tahlil markazining loyiha boshqaruvi bo‘yicha menejeri Alberto Turkstra  hozirgi paytda O‘zbekiston siyosiy hayotida ro‘y berayotgan muhim voqea – Konstitutsiya islohotlari bilan bog‘liq asosiy maʼlumotlarni o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilgan.

Maqolada qayd etilganidek, 2022 yil Konstitutsiya islohoti uchun ramziy yil hisoblanadi, chunki dekabr oyida O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatidagi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi.

“Konstitutsiyaviy islohotlar zarurati amaldagi Asosiy Qonunning zamonaviy talablar, standartlar va demokratik tamoyillarga javob bermasligidan kelib chiqmaydi, u zamonaviy talablarga javob beradi, biroq hozir biz shu qadar tez o‘rgaruvchan davrda yashayotganimiz bois ayrim qonun-qoidalar juda tez eskirib qolmoqda. Shu sababdan ham, Konstitutsiya dogma emasligini nazarda tutgan holda, u harakatlar uchun dastur bo‘lmog‘i lozim. Biz Yangi O‘zbekiston va uning rivojlanishiga mos keladigan yangi qoidalarni joriy qilishimiz kerak», deya Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «EU Reporter».