“Qo‘qon” EIZ hududida Avstriya, Germaniya va Finlyandiyaning ilg‘or innovatsiya texnologiyalari asosida misdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish klasteri barpo etiladi

“Qo‘qon” EIZ hududida Avstriya, Germaniya va Finlyandiyaning ilg‘or innovatsiya texnologiyalari asosida misdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish klasteri barpo etiladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy safar bilan Avstriya Respublikasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad “Qo‘qon” EIZ hududida Avstriya, Germaniya va Finlyandiyaning ilg‘or innovatsiya texnologiyalari asosida misdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish klasterini barpo etish bilan izohlanadi.

 

Safar davomida Farg‘ona viloyati delegatsiyasi aʼzolari Avstriyaning Myuxeldorf va Vena shaharlaridagi “Niehoff Gruppe”, “ASMAG” va “UP CAST” kompaniyalarining rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishdi. Unda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘larishlari atroflicha muhokama qilindi.

Jahon bozorida yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadigan “ASMAG GROUP” kompaniyasi bosh qarorgohida korxona direktori Yohan Filxaber bilan o‘tkazilgan muzokaralar doirasida Avstriya kompaniyasining faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari va mazkur guruh tarkibiga kiruvchi kompaniyalar taqdimoti uyushtirildi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari “Niehoff Gruppe”, “ASMAG” va “UP CAST” kompaniyalarining texnologiyalari asosida misdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Wieland” kompaniyasi faoliyati bilan ham bevosita tanishdilar. Xususan, ushbu korxonada qo‘llanilayotgan texnologiyalarning samaradorligi, ishlab chiqarish bosqichlari va yillik quvvatiga eʼtibor qaratilar ekan, mazkur kompaniya tajribasini “Qo‘qon” EIZ hududida joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijasida Farg‘onaning “MB Qo‘qon – 7” MCHJ va Germaniyaning “ARINSTEIN” kompaniyalari o‘rtasida loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirishni ko‘zda tutadigan, qiymati 44 million yevroga teng shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari “CAMEX”, “Muller Ausenhandel e.K”, “Commit Project Partners GmbH” va boshqa kompaniyalar bilan o‘z mahsulotlarining Yevropa bozorlariga eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham muzokaralar o‘tkazishdi.