Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmatiybyu maʼlumotiga ko‘ra, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida huquqni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida vazir Sulaymon Soylu davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Turkiya tomoni saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida tizimli idoralararo sheriklikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekani qayd etildi.
Suhbatda faol muloqotlarni, axborot almashishni va ilg‘or tajribani o‘rganishni davom ettirish, uyushgan, shu jumladan, kibermakondagi jinoyatchilik, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.