Frederik Starr: Konferensiya xalqaro jamoatchilik tomonidan O‘zbekistonning yangilangan mintaqaviy tashqi siyosati muvaffaqiyatlari eʼtirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi

Frederik Starr: Konferensiya xalqaro jamoatchilik tomonidan O‘zbekistonning yangilangan mintaqaviy tashqi siyosati muvaffaqiyatlari eʼtirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida AQSH Tashqi siyosat kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi Frederik Starrni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotiga ko‘ra, amerikalik ekspert Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaning ahamiyatini yuqori baholadi.

Toshkent anjumani dolzarb va zarur vaqtda tashkil etilgani, uning eʼtibori markazida butun afg‘on xalqi, unga qo‘shni mamlakatlar va jahon hamjamiyati manfaatlari yo‘lida ushbu davlatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash hamda mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklash masalalari turgani alohida taʼkidlandi.

Konferensiya xalqaro jamoatchilik tomonidan O‘zbekistonning yangilangan mintaqaviy tashqi siyosati muvaffaqiyatlari eʼtirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi. Alohida taʼkidlanganidek, O‘zbekiston diplomatiyasining faolligi va amaliy saʼy-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari oshgani holda barcha darajadagi aloqalar kengaymoqda, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH ilmiy-tadqiqot institutlari hamda tahlil muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.