O‘zbekiston Prezidenti: Xalqni rozi qilish – barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi

O‘zbekiston Prezidenti: Xalqni rozi qilish – barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

 

So‘nggi yillarda barcha soha va yo‘nalishlarda fundamental islohotlar amalga oshirildi. Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish uning birinchi maqsadi etib belgilangan.

Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi barcha sohalar inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 5,4 foiz o‘sgan. Sanoat, qurilish, savdo va xizmatlar sohalaridagi rivojlanish surʼatlari ham, pirovardida, aholi turmushida namoyon bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari, ijtimoiy tarmoqlar va so‘rovlar orqali soha va hududlardagi muammolar, odamlarning adolatli takliflari o‘rganib borilmoqda. Ular asosida xalqimizni rozi qiladigan qarorlar qabul qilinmoqda.

Jumladan, tadbirkorlik bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, muddatlari qisqartirildi. Yil boshidan buyon 50 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Aholi sotib olgan uylarning 28 foizi ipoteka kreditlari hisobiga moliyalashtirildi. 1-sentyabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat byudjetidan 2 million so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda aholi va biznesni qiynab kelayotgan muammolar, ular bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Asosli takliflarni qanoatlantirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Prezident xalqimizni rozi qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligini taʼkidladi.