O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotiga ko‘ra, Tomas Niklassonning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy siyosati va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Buning natijasida mintaqada qisqa muddatda tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning tasdiqlanganini olqishladi va ushbu muhim hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini qayd etdi.

Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomas Niklassonning taʼkidlashicha, Bryussel O‘zbekistonning afg‘on muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik saʼy-harakatlari va alohida o‘rnini yuqori baholaydi. Yevropa Ittifoqining mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha Toshkent bilan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligi maʼlum qilindi.

Yevropa tomoni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilganini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilarining yuksak saviyasi O‘zbekistonning muhim o‘rni va respublikaning afg‘on muammosini hal etishdagi saʼy-harakatlari eʼtirof etilishidan dalolat berishi taʼkidlandi. Tadbir shuningdek, rasmiy Toshkent siyosatining izchilligi, afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatishga salmoqli hissa qo‘shishga tayyorligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab faoliyatiga yuqori baho berildi.