Joriy yilning 1 aprel kuni Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish uchun malakali investorlarni tanlash eʼlon qilingan ikki bosqichli tenderga 17 iyulga qadar O‘zbekiston Energetika vazirligiga xalqaro kompaniyalardan 12 ta ariza kelib tushdi, deb xabar bermoqda« Dunyo» AA muxbiri.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Qorao‘zak tumanlari hududida quvvati 200 MVtga teng bo‘lgan navbatdagi shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Tender jarayoni eng yuqori xalqaro standartlar hamda ochiqlik va shaffoflik talablariga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha mamlakatimizda 12 GVt quvvatga ega ekologik toza energiya ishlab chiqarish maqsadida keng ko‘lamli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirmoqda.
Ushbu tashabbus doirasida hukumat Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan umumiy quvvati 2 000 MVt (Shamol dasturi) bo‘lgan yirik shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Tender komissiyasi ushbu 12 ta kompaniyadan kelib tushgan arizalarning to‘liqligi va RFQ ning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashga kirishadi, shundan so‘ng malakali ishtirokchilar eʼlon qilinadi. Keyinchalik malakali ishtirokchilar tender jarayonining ikkinchi bosqichida ishtirok etishga taklif qilinadi.
Tenderda qiziqish bildirgan, dastlabki saralash talabnomalarini taqdim etgan hamda arizalari tender komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladigan va baholanadigan talabgarlar ichida BAA, Saudiya Arabistoni, Gonkong, Xitoy, Turkiya, Kayman orollari, Hindiston, Yaponiya, Fransiya kompaniyalari bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yil 24 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumaniga tashrif buyurib, 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘yib bergan edi.