Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi o‘zgartishlar, birinchi navbatda, mamlakat aholisining huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan

Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi o‘zgartishlar, birinchi navbatda, mamlakat aholisining huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan

FRANKFURT-MAYN, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Germaniyada tashrif bilan bo‘lgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erkin Hamroyev “Bonn-Buxoro” Germaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati rahbarlari Kolin Dyurkop va Oksana Ten bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muhbiri.

 

Uchrashuv mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etildi.

Unda Germaniya tomoniga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, konstitutsiyaviy qonun loyihasi, Asosiy qonunga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilayotgan barcha o‘zgartish va qo‘shimchalar, birinchi navbatda, inson qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga qaratilgani alohida taʼkidlandi.

Germaniya-O‘zbekiston jamiyati vakillari mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borishini, ijobiy o‘zgarishlarni yuksak qadrlashini hamda davlatimiz rahbarining respublika tinchligi va izchil rivojlanishini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.

Xususan, “Bonn-Buxoro” do‘stlik jamiyati prezidenti Kolin Dyurkop O‘zbekistondagi  konstitutsiyaviy islohotlar haqida quyidagilarni aytib o‘tdi.

– O‘zbekiston Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish orqali demokratlashtirishga intilmoqda, – dedi u. – Bu davlat apparatini o‘zgartirish, uning shaffofligi va hisobdorligini oshirish yo‘lidagi katta qadam bo‘ladi.

Qolaversa, bu O‘zbekistonning hozirgi siyosiy tizimida yana-da ochiqlik tomon o‘zgargan paradigmadir. Shuning uchun ham tub o‘zgarishlar natijasida inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda, konstitutsiyaviy qonunchilik orqali «davlat – jamiyat – shaxs» tamoyili «inson – jamiyat – davlat»ga almashtirilmoqda.

Mamlakatda oila, anʼanaviy insoniy qadriyatlar va  millatlararo totuvlikka  oid konstitutsiyaviy nuqtai nazarni o‘zgartirish orqali O‘zbekiston inson huquqlari mustahkam himoya qilingan davlatga, shuningdek, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot hamda barqarorlikni taʼminlovchi kuchga aylanadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga inson huquqlari, ijtimoiy himoya, taraqqiyot, davlat boshqaruvi, taʼlim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy tenglik, ochiqlik va oshkoralik nuqtai nazaridan o‘zgartish kiritishning ustuvor yo‘nalishlari tahsinga loyiq. Bularning barchasi xalq va davlatni farovonlik sari yetaklaydi.