O‘zbekiston TIV rahbari YEXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari YEXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari bilan uchrashdi

TOSHKENT,  19-iyul /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YEXHT DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misevni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

TIV maʼlumotiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida YEXHT DIIHB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Saylovlarni kuzatish byurosining to‘liq miqyosdagi missiyalari parlament (2019 yil) va Prezident saylovlarida (2016 va 2021 yillar) ishtirok etdi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasiga rejalashtirilgan konstitutsiyaviy islohotning asosiy jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlar «Inson qadri uchun» degan bosh tamoyilni hayotga tatbiq etishga qaratilgani alohida taʼkidlandi. Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolatini yaratishi zarurligi taʼkidlandi.

Bo‘lajak referendumda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun Markaziy saylov komissiyasiga har tomonlama ko‘maklashish, xorijdagi vatandoshlarimizning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ustuvor yo‘nalishlar ekanligi qayd etildi.

YEIIHB vakillari rejalashtirilgan respublika referendumini milliy qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlarga muvofiq tayyorlash va o‘tkazishda O‘zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA)