TOKIO, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarining Yaponiyaga tashrifi yaog‘ida Tokio shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlagan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
Tadbirda mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, Bosh qomusimizga kiritish taklif etilayotgan yangi normalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Vatandoshlarimiz O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmunini chuqur o‘rganishga, ularga befarq bo‘lmaslikka hamda mazkur islohotlar jarayonida faol qatnashishga chaqirildi.
Yangi konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan barcha o‘zgartish va qo‘shimchalar, eng avvalo, inson qadr-qimmati, turmush farovonligi hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, muhokamaga qo‘yilgan loyihada yangi normalar orasida yoshlar masalalariga oid moddalar qo‘shilgani va mamlakatimizda yoshlar siyosatiga katta ahamiyat berilayotganiga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, Yaponiyadagi vatandoshlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayonini muntazam kuzatib borishini hamda davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda tinchlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholagan holda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi. Shuningdek, fuqarolarimiz davlatimiz rahbari tomonidan chet eldagi vatandoshlarga qaratilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarning asl kelib chiqish sabablari haqida ham maʼlumot taqdim etildi.
Uchrashuv so‘ngida vatandoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi, konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza va takliflarni “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasiga yuborish mumkinligi aytib o‘tildi.