BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi

NYU-YORK, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. 11-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Hujjatni Nyu-Yorkda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov taqdim etdi.

Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkent shahrida 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ilgari surilgan tashabbusning amaliy natijasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari ushbu muhim anjumanda so‘zga chiqib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining tarixiy yaqinligini qayd etib, ushbu munosabatlarni o‘zaro ishonch va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda mustahkamlash muhimligini taʼkidlagandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tegishli rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va BMT Bosh Assambleyasiga kiritish, unda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi muloqotning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyillari va yo‘nalishlarini belgilab qo‘yishni taklif qilgan edi.

O‘tgan yil Toshkent konferensiyasida dunyoning 50 ta davlatidan misli ko‘rilmagan tarkibda delegatsiyalar ishtirok etganini taʼkidlash lozim. Konferensiyaning 600 ga yaqin delegatlari orasida davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar yetakchilari bor edi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, o‘zaro bog‘liqlik Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishda muhim rol o‘ynashini, uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishi mumkinligini taʼkidlagan edi.

Eʼtiborlisi, rezolyutsiya nafaqat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi, balki dunyoning turli qitʼalarida joylashgan 40 ga yaqin mamlakat hammuallifligida qabul qilindi. Bu davlatimiz rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilganining xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilganining ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan tayyorlangan hujjatga hammuallif bo‘lgan davlatlar orasida Ozarbayjon, Armaniston, Angola, Vyetnam, Vanuatu, Gana, Kuba, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Kot-d‘Ivuar, Qatar, Misr, Eron, Nepal, Malayziya, Mongoliya, Marokash, Pokiston, Rossiya, Senegal, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Shri-Lanka, Filippin va boshqalar bor.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh maslahat organi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada ushbu oliy darajadagi konferensiya o‘tkazilishi va uning yakunida ikki mintaqa tashqi ishlar vazirlari tomonidan maʼqullangan qo‘shma bayonot yuksak baholangan.

Hujjatda Vena deklaratsiyasi va uning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun 2014-2024 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhimligi, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishda hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar, ularning noyob transport, tranzit va sarmoyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda transport va tranzit yo‘laklarining yuqori ahamiyati taʼkidlangan.

Bundan tashqari, qarorda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda hududiy tashkilotlarning muhim o‘rni eʼtirof etilgan. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidentining 2022 yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida “O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilish bo‘yicha tashabbusiga yuksak baho berilgan.

Rezolyutsiyada Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatishdagi roli, shuningdek, mustahkam tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yo‘lida ushbu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvining muhimligi ham urg‘ulangan.

Hujjatda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, transport infratuzilmasini kengaytirish, dengiz portlariga qulay, barqaror va xavfsiz yo‘nalishlarni ochadigan yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha asosiy qoidalar o‘z ifodasini topganini alohida taʼkidlash lozim.

Hujjatda barqaror rivojlanishga, jumladan, toza energiya hosil qilish, ekologik muammolarni hal qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha texnologiyalardan foydalanishga imkoniyat yaratish orqali o‘zaro tajriba almashish muhimligiga alohida urg‘u berilgani eʼtiborni tortadi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning joriy yil 25-26-iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish niyatini olqishladi. Ushbu forum Afg‘onistonga zarur yordam ko‘rsatish va uni mintaqaviy jarayonlarga faol jalb etish bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda yana bir amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Rezolyutsiya, shuningdek, BMTga aʼzo barcha davlatlarni Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqiradi.

Mazkur rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingani O‘zbekiston rahbariyatining ikki mintaqa o‘rtasida tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, barqarorlik va xavfsizlikka umumiy tahdidlarga qarshi kurashda saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan davlat siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi.