Germaniya kompaniyasi biotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi yechimlari bo‘yicha hamkorlikni taklif qilmoqda

Germaniya kompaniyasi biotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi yechimlari bo‘yicha hamkorlikni taklif qilmoqda

TOSHKENT, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligida Germaniyaning “BioEnergieLand” kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Frenk Rizbek bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

 Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, “BioEnergieLand” kompaniyasi Germaniyaning biotexnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligi yechimlari bo‘yicha yetakchi tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

Nemis kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan ekinlarni vertikal usulda yetishtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar bazasidan foydalanish, yopiq sirkulyar tizimlar, iqlim va joylashuv sharoitlariga mos ravishda rejalashtirish va qurilishi ishlarini olib borish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hisobiga energiyani iqtisod qilish masalalari muhokama etildi.

Frenk Rizbek korxonaning imkoniyatlari va amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda ilg‘or nemis texnologiyalari, jumladan, qurg‘oqchilik va sho‘rlangan yerlardan foydalanish texnologiyalarini qo‘llash yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.