TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining «Ummul Quro» universiteti talabasi, vatandoshimiz Umida Qurbonova “Dunyo” AA uchun intervyusida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
-O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichga o‘tishi uchun muhim qadam, deb hisoblayman.
Vatanim kelajagi va taqdiriga befarq bo‘lmagan holda, bu jarayonni muntazam kuzatib kelayapman.
Mamlakatimiz Bosh qomusiga kiritish uchun taklif etilayotgan o‘zgartishlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan saʼy-harakatlarga hamohang ravishda amalga oshirilmoqda Yangi Konstitutsiyaviy normalar jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, taʼlim, fan va madaniyat rivoji uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ayollarga berilayotgan imtiyozlar endi qonun doirasida shakllantirilishi meni bir ayol va ona sifatida juda quvontirdi.
Yangi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgani va uning muddati 15 iyulga qadar uzaytirilgani ham yurtimizdagi barcha islohotlar, birinchi navbatda, inson qadri uchun amalga oshirilayotganini namoyon etadi.
Hozirgi globallashuv jarayonida inson qadrini ulug‘lash kabi oliy qadriyatning Konstitutsiyaga kiritilishi millatning huquqiy ongini yana-da yuksalishiga xizmat qiladi.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar tez orada xalqimiz hayotila o‘z ifodasini topadi, deb ishonaman.