Indoneziyadagi vatandosh: Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan xalqparvar siyosatning ifodasidir

Indoneziyadagi vatandosh: Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan xalqparvar siyosatning ifodasidir

JAKARTA, 6 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistondagi konstitutsion islohotlarga Indoneziyadagi vatandoshimiz, “PT Panda Coco Charcoal” kompaniyasi direktori Avazbek Ishbayev o‘z munosabatini bildirdi.

– Indoneziyada bir necha yillardan beri yashasamda, mamlakatimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlarga befarq bo‘la olmayman. Shu ma’noda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi doirasidagi jarayonni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida men kabi chet davlatlardagi vatandoshlarga munosabat tubdan o‘zgargani bizni juda quvontiradi.

Konstitutsiyamizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlash hamda xorijdagi vatandoshlarimiz manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida “davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi” degan qoidani kiritish takliflarini olqishlayman.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan xalqparvar siyosatning ifodasi, deb bilaman.