O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

TOSHKENT, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qatʼiy choralarni qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.

O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil noyabr oyida Moskva shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yirik investitsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari davom ettirilmoqda.

Mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqand shahrida o‘tkaziladigan SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar ko‘rib chiqildi.