Germaniyadagi vatandosh: Fuqarolik jamiyatiga asoslangan Yangi O‘zbekistonni birgalikda qo‘lni-qo‘lga berib barpo etaylik

Germaniyadagi vatandosh: Fuqarolik jamiyatiga asoslangan Yangi O‘zbekistonni birgalikda qo‘lni-qo‘lga berib barpo etaylik

BERLIN, 5-iyul. /“Dunyo” AA/ O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Abror G‘afurov, Innovative Water and Environmental Solutions (IWES) tashkiloti ijrochi direktori:

– Mamlakatimiz Bosh qomusiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar davlatimiz va jamiyatimizning bugungi zamonaviy davrda xalqimiz farovonligini taʼminlashga qaratilgan bo‘lib, aynan o‘zbekistonliklar irodasini o‘zida to‘laqonli aks ettiradi. www.meningkonstitutsiyam.uz platformasi orqali barcha fuqarolarimiz qayerda bo‘lishidan qatiy nazar, o‘z fikr va takliflarini erkin ifoda etishmoqda va natijada ushbu o‘zgartirishlar Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan jamlandi.

Bosh qomusimizga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlarning tub maʼno-mohiyati, mening fikrimcha, avvalambor fuqarolarimiz farovonligini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish va tinch-osoyishta hayot kechirishini taʼminlashdan iboratdir.

Misol uchun, shaxsan o‘zim bir necha yillardan beri Germaniyada istiqomat qilaman va Yevropadagi ko‘plab hamyurtlarimiz bilan, o‘zbekcha qilib aytganda, bordi-keldi qilaman. Aksar hollarda Chexiya va boshqa davlatlarda og‘ir axvolga tushib qolgan qolgan vatandoshlarimiz haqida eshitib achinib ketaman.

Shu sababli, Bosh qomusimizga chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolinishi va rivojlantirilishi, ayni qaytda ularning haq-huquqlarini himoya qilish kuchaytirilishi borasidagi punktlarni qo‘shilishi ko‘rib chiqilayotganligidan bag‘oyatda mamnunmiz.

Biz qayerda bo‘lmaylik o‘zbekistonlikmiz va o‘z davlatimiz rivoji uchun qo‘ldan kelgancha hissamizni ko‘shishga tayyormiz. Albatta, davlatimiz tomonidan biz, xorijdagi o‘zbekistonliklarni birlashtirish, jipslashtirish va, kezi kelsa, o‘zbekistonliklar diasporalarini tashkil etilishiga ko‘maklashishi, dunyoning turli burchaklarida bo‘lishiga qaramasdan, vatandoshlarimizning o‘z o‘rinlarini topishiga va yurtimiz ravnaqi uchun birgalikda bir yoqadan bosh chiqarishiga zamin yaratadi.