Germaniyadan Markaziy Osiyoga shu paytgacha yuborilgan eng salmoqli biznes-delegatsiyalardan biri 5−6 iyul kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, kimyo va elektrotexnika sanoati, qurilish, bank ishi, turizm, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalarning 120 nafardan ortiq vakillari joy olgan.
Delegatsiya aʼzolari orasida Siemens, MAN, Lufthansa, CLAAS, Papenburg, Atlas, SAP, Knauf, Linde, Deutsche Bahn, SchaefflerGroup kabi taniqli kompaniyalar hamda Deutsche Bank, Commerzbank, KfW-Bank, AKA-Bank banklari vakillari bor.
Tashrif Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi va Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar Kengashi (GO‘IK) tomonidan O‘zbekiston va Germaniya diplomatik vakolatxonalari ko‘magida tashkil etildi.
Bugun Toshkentdagi “Hyatt” mehmonxonasi va “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida biznes-forum va kooperatsiya birjasi rejalashtirilgan. Shuningdek, bugun GO‘IKning oltinchi yig‘ilishi ham o‘tkaziladi. Delegatsiya aʼzolarining O‘zbekiston korxonalari vakillari bilan uchrashuvi hamda respublika hududlariga tashrifi ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirlar yakunida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga turtki bo‘ladigan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Germaniyaning bunday nufuzli biznes delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ushbu mamlakat ishbilarmonlarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar eʼtirof etilayotganining yorqin tasdig‘idir.