Turkmaniston O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatdagi tartibotni, xalq xavfsizligi va tinchligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan qatʼiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi

Turkmaniston O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatdagi tartibotni, xalq xavfsizligi va tinchligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan qatʼiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi

Bugun Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan xabar tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

«Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi kunlarda O‘zbekiston Respublikasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar haqidagi xabarlardan xavotir bildiradi, – deyiladi hujjatda. – Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatda konstitutsiyaviy tuzum va huquq-tartibotni, xalq xavfsizligi va tinchligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan qatʼiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ishonchimiz komilki, ko‘p asrlik xalq donishmandligi, tajriba va uzoqni ko‘ra bilish yuzaga kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tish, O‘zbekiston Respublikasining izchil va barqaror rivojlanishi, davlat va jamoat institutlarining barqarorligini taʼminlashga yordam beradi.

Turkmaniston O‘zbekiston bilan qardoshlik, do‘stlik va yaqin hamkorlik rishtalari bilan bog‘langan qo‘shni davlat sifatida unga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi».