Rossiya TIV O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishladi

Rossiya TIV O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishladi

TOSHKENT, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan ommaviy axborot vositalari uchun rasmiy xabar tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

«Do‘st O‘zbekiston Respublikasidagi voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Mamlakatda uning rahbariyati olib borayotgan kurs doirasida davlat taraqqiyotining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida Konstitutsiyaga kiritish taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda, –  deyiladi xabarda. – Nukus shahrida sodir bo‘lgan tartibsizliklar qonun buzuvchilar tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, zo‘ravonlik harakatlariga olib keldi. Buning oqibatida tinch aholi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari orasida nobud bo‘lganlar va jabrlanganlar bor. Rossiya elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, hozirda Qoraqalpog‘istonda jarohatlanganlar orasida Rossiya fuqarolari aniqlanmagan.

Biz har qanday muammolarni ko‘chadagi tartibsizliklar orqali emas, balki qonunchilik doirasida hal qilish tarafdorimiz.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishlaymiz va ular mamlakatning ushbu hududidagi vaziyatni to‘liq barqarorlashtirishga xizmat qilishiga aminmiz».