Malayziyadagi vatandosh: Konstitutsiyaviy islohotlar davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan

Malayziyadagi vatandosh: Konstitutsiyaviy islohotlar davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan

KUALA-LUMPUR, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilganligi munosabati bilan Malayziyaning “Cordstrap Sdn Bhd” kompaniyasi tijorat menejeri Anvar Qosimov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan muhim jarayon – Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar turli xil soha vakillari, xususan, olimlar, mutaxassislar, tibbiyot xodimlari, faol yoshlar hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasi davomida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati va xususiy mulk himoyasi masalalariga eʼtibor berildi. O‘z o‘rnida bu jarayonlar davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlash uchun qaratilgan deb hisoblayman.

“Xalq so‘zi” gazetasi veb-saytida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan ushbu Konstitutsiyaviy qonunning loyihasi bilan tanishib chiqdim.

Xususan, mazkur qonun loyihasining 22-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi” mazmunidagi qo‘shimchalar kiritilishi chet eldagi o‘zbekistonliklarning huquqlarini himoya qilish uchun xizmat qiladi.

Mamlakatimizning kelajakdagi farovon hayoti uchun mazkur siyosiy jarayonda Malayziyada bo‘lib turgan vatandoshlarimizning faol ishtirok etishga chaqiraman.