Qonunchilik palatasi deputatining Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan maqolasi Pokistonning yetakchi gazetasida chop etildi

Qonunchilik palatasi deputatining Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan maqolasi Pokistonning yetakchi gazetasida chop etildi

Mazkur maqolada  O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi haqidagi mulohazalar o‘z ifodasini topgan.

Muallif qayd etganidek, bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ro‘y berayotgan giyosiyosiy vaziyatlar, eng avvalo, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi va unda belgilangan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat qonunlarimizni mustahkamlashni, shu bilan birga, Bosh qomusimizda ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan normalarni yana-da takomillashtirib, bugungi zamon talablariga moslashtirishni taqozo etmoqda.

«Ushbu strategiyaning bevosita muallifi bo‘lgan yurtdoshlarimiz tomonidan davlatimiz rahbarining Prezident saylovi targ‘ibotlari jarayonlarida hududlarda saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuv va muloqotlarida bir necha bor aynan Konstitutsiyamizni bugungi zamon talablariga moslashtirishga oid qator taklif va tashabbuslar bildirilgan,- deydi   O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputati. – Birgina misol davlat rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bugun ekologik muammolar kun sayin salbiy tus olayotgani, insonlarning ekologiya bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari kabi normalar Bosh qomusimizda o‘z aksini topishi maqsadga muvofiq bo‘lishi tashabbusi ilgari surilgan edi».

 

 

Muallifning fikricha, Konstitutsiyaviy islohotlarni boshlash tashabbusi, shuningdek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va «Milliy tiklanish»  demokratik partiyasi tomonidan ilgari surildi.

O‘tgan vaqt davomida Konstitutsiyani takomillashtirish uchun fuqarolarga o‘z takliflarini bildirishning bir necha ko‘rinishdagi imkoniyatlari yaratildi. Jumladan, Meningkonstitutsiyam.uz portali hamda maxsus Telegram-bot va koll-markaz orqali takliflar qabul qilindi, deyiladi nashrda.

Materialda, shuningdek, davlatimiz rahbari, xalq vakillari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangani qayd etilgan. Muallif “Xo‘sh buning sababi nimada,  Nega ushbu tashabbus qisqa vaqt ichida mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoydi?” degan mazmundagi savollarni o‘rtaga tashlaydi va ularga javob berishga harakat qiladi.

«Sababi, ushbu tashabbus minglab fuqarolarimiz ko‘nglidagi o‘zgarish va islohotlarga zamin yaratib berishi bilan ahamiyatlidir. Maʼlumki, inson ulg‘ayib, tafakkur dunyosi kengaygani sari uning o‘ziga bo‘lgan talabi ham ortib boradi. O‘tgan yillar davomida jamiyatimiz va unda ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarda xalqimizning ishtiroki va ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarining ahamiyati har tomonlama ortdi», deb yozadi muallif.

Maqola so‘nggida xalq vakili Inomjon Qudratov hozir xalqimiz muallifligida ishlab chiqiladigan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirish yo‘lida qabul qiladigan qonunlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etgan.