TEHRON, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Eronlik siyosatshunos, siyosiy fanlar nomzodi, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha ekspert-tahlilchi Umid Rahimiy “Dunyo” AA uchun sharhida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha mamlakatimizda davom etayotgan siyosiy jarayon haqidagi fikrlarini bildirdi.
-O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha ilgari surilgan qator takliflar muhim jihatlarga ega bo‘lib, ular asosan «ijtimoiy davlat» qurish tamoyilini mustahkamlashga qaratilgan, – dedi u. – Jumladan, Konstitutsiyadagi inson huquqlari va asosiy erkinliklari bilan bog‘liq o‘lchovlar unga “Miranda” qoidasi va «Xabeas korpus» kabi yangi mezonlarni kiritilishi bilan yana-da boyiganini ko‘rishimiz mumkin.
Biroq, eʼtiborlisi shundaki, ushbu taklif etilayotgan islohotlar O‘zbekistonda ijtimoiy soha va fuqarolar erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishidagi taraqqiyotning boshlang‘ich nuqtasi emas, balki o‘tgan davr mobaynida amalga oshirib kelinayotgan islohotlar tendensiyalarini yana-da kengaytirish uchun mustahkam bir zamindir.
Darhaqiqat, ushbu o‘zgarishlar so‘nggi 6 yil ichidagi islohotchilik yo‘lining kelajakda davom etishini taʼminlovchi hujjatlar to‘plami bo‘lib, o‘zining shu xususiyati bilan boshqa davlatlarda taklif etilayotgan konstitutsiyaviy tuzatishlardan funksional jihatdan farq qiladi.
Albatta, ushbu islohotlar tendensiyalari iqtisodiy sohani ham qamrab olgan. Chunki so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda hozirgi taklif etilayotgan islohotlar to‘plamida ko‘zda tutilganidan ham ko‘p islohotlar samarali amalga oshirildi.
Xususiylashtirish, xususiy mulk huquqini kafolatlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, erkin iqtisodiy va savdo raqobatini taʼminlash va shu kabi yo‘nalishlardagi keng ko‘lamli islohotlar shular jumlasidandir.
Davlat idoralari faoliyati sohasida mahalliy institutlarning mustaqilligi va vakolatlarini oshirgan holda markazlashgan boshqaruv modelidan bosqichma-bosqich voz kechish kabi islohotlar ham yaxshi samara berganini ko‘rishimiz mumkin.
Taklif etilayotgan islohotlarning tabiati va mohiyati shundan darak bermoqdaki, amaldagi rahbariyat islohotlar jarayonini barqarorlashtirish va izchil davom ettirishni xohlaydi. Uning eng muhim konteksti esa hozirgi rivojlanish yo‘li va surʼatini saqlab qolish hamda uni yana-da mustahkamlashdan iborat.
Ushbu jarayon, ayniqsa, juda keng ko‘lamli istiqbolli tamoyillar va dasturlarni o‘z ichiga qamrab olgan mamlakat tashqi siyosati yo‘nalishida yaqqol ko‘zga tashlanadi.