Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Yoshlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Yoshlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi

Bugun ertalab Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Yoshlar kengashining 15-yig‘ilishi gibrid formatda boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev va SHHT Bosh kotibi Chjan Ming ishtirokchilarni qutladilar.

Uchrashuvda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston delegatsiyalari rahbarlari hamda SHHT Yoshlar kengashi rahbariyati ishtirok etmoqda.

Toshkent uchrashuvi ishtirokchilari yoshlar o‘rtasida innovatsion va ilmiy-texnikaviy hamkorlik kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, yosh mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashish uchun platformalar yaratish, ularning salohiyatini oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar. Shuningdek,  ular O‘zbekiston va SHHTga aʼzo boshqa davlatlarda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar bo‘yicha maʼruzalar bilan tanishadilar.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha SHHTning 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Tadbir doirasida «Unicorns SCO: SHHT yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalari tanlovi» final bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.