O‘zbekiston TIV rahbari AQSH davlat kotibining yordamchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston TIV rahbari AQSH davlat kotibining yordamchisi bilan uchrashdi

2022 yil 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif buyurgan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligidan maʼlum qilinishicha, tomonlar turli sohalardagi O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Amerika tomoni O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni, shuningdek, mamlakatimizning amaliy va ochiq tashqi siyosat yo‘lini yuksak baholadi. AQSH hukumati O‘zbekistonda islohotlar jarayoniga faol ko‘maklashishga tayyorligi taʼkidlandi.

So‘nggi yillarda siyosiy muloqotni faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yillik maslahatlashuvlar mexanizmini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risidagi qaror va uning birinchi majlisi 2021 yili Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilishi ikki tomonlama aloqalar tarixida muhim voqea bo‘ldi va tomonlarning o‘zaro hamkorlikni kompleks rivojlantirishga tayyorligini ko‘rsatdi.

Vashington shahrida Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi sessiyasini  va uning ekspertlar darajasidagi sohaviy uchrashuvlarini o‘tkazishga puxta tayyorlarlik ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlarning infratuzilma, energetika, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalarida aniq natijalarga erishish maqsadida “S5+1” shaklidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaaotdorligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekistonning Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va uning iqtisodiy tiklanishiga yordam beradigan loyihalarni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi.