O‘zbekiston Prezidenti G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi va “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi

O‘zbekiston Prezidenti G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi va “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

 

Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi. Davlatimiz rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.

Bu majmua Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. U xalqimizning urushdagi yo‘qotishlari, tinchlik uchun kurashi timsoli sifatida bog‘ markazidan o‘rin olgan. Shu maʼnoda “Matonat madhiyasi” urushda o‘z bolasidan, o‘z yoridan judo bo‘lgan barcha onalar, barcha ayollar sharafiga o‘rnatilgan muazzam obidadir.

Bog‘da Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam bo‘ldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatda xalqimizga tabriklarini yo‘lladi.

– Bugun ushbu G‘alaba bog‘ida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida taʼzim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bag‘ishlagan serqirra hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan buyuk merosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini taʼkidladi.

– Bugun dunyo tahlikali bo‘lib borayapti. Har daqiqa sinovli bo‘layapti. Bu bizga ham taʼsir qiladimi? Albatta taʼsir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu taʼsirni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham o‘tamiz, – dedi Prezident.

Vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham majmua poyiga gullar qo‘ydi.