Afg‘oniston O‘zbekiston temir yo‘lchilari bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqidagi maʼlumotlarni rad etdi

Afg‘oniston O‘zbekiston temir yo‘lchilari bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqidagi maʼlumotlarni rad etdi

Joriy yil 12-14 aprel kunlari Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston temir yo‘l delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maʼlumotiga ko‘ra, Afg‘oniston delegatsiyasiga  Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi raisi Baxturrahmon Sharofat boshchilik qildi.

Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston ushbu ysohadagi sho‘aro munosabatlarni mustahkamlash borasida ko‘rayotgan chora-tadbirlar va ko‘rsatilayotgan katta yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Uchrashuvda mehmonlar Afg‘oniston «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida ayrim ommaviy axborot vositalari tarqatgan maʼlumotlarni rad etdi. Baxturrahmon Sharofat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va uni yana-da kengaytirish niyatini alohida taʼkidladi. Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikda 2011 yilda ishga tushirilgan “Hayraton-Mozori-Sharif” temir yo‘l liniyasini faoliyatidan to‘la mamnunlik bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston tomoni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan birgalikda tashilayotgan yuklar hajmini oshirishga, shuningdek, Naibabot va Mozori-Sharif stansiyalari reabilitatsiyasini tezlashtirishga tayyorligini taʼkidladi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish o‘quv markaziga tashrif tashkil etildi. Bundan tashqari, mehmonlar afg‘onistonlik yosh temir yo‘l mutaxassislari amaliy mashg‘ulotlar o‘tayotgan “Termiz” lokomotiv deposidagi o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Hayraton stansiyasi bazasida o‘zbekistonlik temir yo‘lchilar bilan birgalikda afg‘on temir yo‘llari mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish uchun dala o‘quv markazini yaratish rejalashtirilgan.

Afg‘oniston delegatsiyasi yangi temir yo‘l loyihalarini amalga oshirish muhimligini alohida taʼkidladi, mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyo integratsiyalashuvi loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdorlik bildirildi. Shu munosabat bilan “Mozori-Sharif-Kobul–Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalasiga muzokaralarda alohida eʼtibor qaratildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Media-markazi O‘zbekiston-Afg‘oniston muzokaralari haqidagi axborot materialida jurnalistlar va OAV vakillariga murojaat yo‘llab, geosiyosat bilan bog‘liq mavzularni yoritish masalalariga bilim bilan yondashishni, har xil havola va repostlardan foydalanishda hamda xabarlarni talqin qilishda ehtiyot bo‘lishni, eng muhimi maʼlumotlarni qayta-qayta tekshirishni so‘ragan.