Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekistonning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisoboti va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan Uchinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Hukumat delegatsiyasi aʼzolarining hisoboti eshitildi.

BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish Qo‘mitasining 81 sessiyasi doirasida 2022 yil 15-16 fevral kunlari Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisoboti hamda BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy xuquqlar bo‘yicha qo‘mitasining 71 sessiyasi doirasida 2022 yilning 22-24 fevral kunlari Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning O‘zbekiston tomonidan bajarilishi yuzasidan Uchinchi davriy hisoboti eshitilishlari bo‘lib o‘tgani taʼkidlandi.

Yig‘ilishda delegatsiya aʼzolari davriy hisobot, BMT qo‘mitalarining oldindan taqdim qilingan savollariga berilgan yozma javoblar, BMT qo‘mitalarining yakuniy xulosalari, shuningdek, boshqa manbalardan olingan axborotlar, jumladan, BMT muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining muqobil hisobotlariga asoslangan javoblar taqdim etganligini maʼlum qildi.

Qo‘mita aʼzolari tomonidan O‘zbekiston davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha so‘nggi besh yil davomida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni baholashda ijobiy dinamika kuzatilayotganligi eʼtirof etildi.

 Xususan, muloqot davomida Qo‘mita aʼzolari inson huquqlari tuzilmalarining mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor ekanini ko‘rsatdi. Qo‘mita aʼzolarining aksariyati O‘zbekistonda gender tengligini taʼminlash va ayollar huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholadilar.

O‘zbekiston davriy hisoboti bo‘yicha Qo‘mitaning yakuniy xulosalari va tavsiyalari qabul qilinib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi saytida eʼlon qilindi.

Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi doirasida 2021 yillda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborotini taqdim etdi.

Kun tartibi bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning O‘ninchi – O‘n ikkinchi davriy maʼruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining ijrosi yuzasidan axborot berdi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.