Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bugun tor doirada muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yetakchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor strategik sheriklik munosabatlar darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an kooperatsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yana-da rivojlantirish O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining muhim yo‘nalishi ekanini qayd etdilar.
Shu maʼnoda, mamlakatlarimizning katta salohiyati va imkoniyatlarini, shu jumladan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalanish orqali ro‘yobga chiqarish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashar ekanlar, mamlakatlarimizning pozitsiyalari o‘xshash ekanini qayd etdilar. Ko‘p tomonlama xalqaro institutlar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.