O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Oliy Majlisi Senati XXIV yalpi majlisidagi nutqi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Oliy Majlisi Senati XXIV yalpi majlisidagi nutqi

Assalomu alaykum,
Hurmatli Tanzila Kamalovna, Sodiq Solihovich,
Senat a’zolari va majlis qatnashchilari,

(2022 yil 17 mart)
2021 yil davomida Tashqi ishlar vazirligi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ko‘rsatma va topshiriqlari, tashqi siyosiy konseptsiyada belgilangan ustuvor vazifalar, Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirilishiga oid” Davlat dasturi hamda Oliy Majlis Senati Qarorlarida belgilangan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishga qaratildi.
Tashqi ishlar vazirligi o‘z faoliyatini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, dunyoning yetakchi davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga, hamkor mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga, davlatimiz Rahbari tashabbuslarini xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ilgari surishga hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirib kelmoqda.
2021 yilda 150 ga yaqin oliy darajadagi tashrif, uchrashuv, onlayn va telefon muloqotlar tashkillashtirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 9 marotaba xorijiy mamlakatlarga (Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Rossiya hamda Koreyaga) tashriflari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganligi bois, o‘tgan yilda 100 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tadbirlar amalga oshirildi va qator salmoqli vazifalar bajarildi.
«Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks Chora-tadbirlar dasturi» ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi konferensiya xalqaro hamjamiyat tomonidan har taraflama yuqori baholandi. Konferensiyada 44 ta davlatdan jami 600 ga yaqin vakillarning faol va samarali ishtiroki ta’minlandi. Mazkur anjuman doirasida 150 dan ortiq oliy va yuqori hamda parlamentlar rahbarlari darajasidagi ikki va qo‘p tomonlama uchrashuv hamda muzokoralar tashkillashtirildi. Mazkur yirik anjuman O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirdi. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalararo hamkorligida yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangan yana bir muhim yo‘nalish – qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, uni xalqaro maydonda yakkalanib qolmasligiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shu sababli, ikki va ko‘p tomonlama formatlarda afg‘on iqtisodiyotini rivojlantirishga, umuman, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Ushbu yo‘nalishda o‘tgan yil davomida 100ga yaqin turli darajadagi tashrif, uchrashuv va muzokaralar amalga oshirildi.
Hurmatli senatorlar,
O‘zbekistonning hamkor mamlakatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlari izchil rivojlantirilmoqda.
Hususan, MDH mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi Janubiy Koreya va Yaponiya mamlakatlari, Janubiy Osiyo mintaqasida esa Hindiston va Pokiston davlatlari, Yaqin Sharq, Amerika, Afrika va Okeaniyadagi sherik davlatlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. 2021 yil davomida xorijiy hamkorlar bilan 1000 ga yaqin turli darajadagi tashrif, uchrashuv, muzokara va taqdimotlar amalga oshirildi.
Xalqaro tashkilotlar doirasida, jumladan, BMT, SHHT, MDH, Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda xalqaro moliya institutlari (Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiya banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki) bilan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami kengaytirilmoqda. Mazkur tashkilotlar doirasida O‘zbekiston tashabbuslarining keng qo‘llab-quvvatlanishi ta’minlanmoqda.
Jumladan, faqatgina BMT va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlarining kundalik faoliyati doirasida davlatimiz rahbarining jami 50 dan ortiq turli sohalarga ta’lluqli xalqaro tashabbuslari yuzasidan 5 ta maxsus Rezolyutsiya va qarorlar qabul qilinib, asosiy hujjat sifatida a’zo davlatlar orasida tarqatildi.
O‘zbekiston vakillarining nufuzli xalqaro tadbirlarda ishtiroki, xorijiy davlatlarning oliy va yuqori darajadagi delegatsiyalarining yurtimizga tashriflari ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 20 yillik yubiley Sammitidagi ishtiroki davomida ushbu tashkilotga 2021-2022 yillar mobaynida raislik qilish majburiyatlari qabul qilindi va tegishli «Chora-tadbirlar dasturi» amalga oshirilmoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro tashkilotlar faoliyatida O‘zbekistonning faol ishtiroki ta’minlanmoqda.
Joriy yildagi asosiy vazifalarimizdan biri SHHT, Turkiy davlatlar va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida O‘zbekiston raisligini yuksak darajada o‘tkazish, mazkur tashkilotlarning oliy darajadagi sammitlariga yuqori saviyada va puxta tayyorgarlik ko‘rishdan iborat.
Hurmatli majlis qatnashchilari,
Yurtimizning 2021 yildagi asosiy siyosiy voqeasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘ldi. Uni samarali tashkillashtirish doirasida 41 ta davlat, 20 ta nufuzli xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi Saylov kuzatuvi missiyasidan hamda 22 ta xorijiy saylov organlaridan va Toshkentdagi diplomatik korpus vakillaridan iborat 1000 dan ziyod xalqaro kuzatuvchi va mustaqil ekspertlarning bevosita ishtiroki ta’minlandi. Bundan tashqari, 150 nafarga yaqin xorijiy OAV vakillarining saylov jarayonini yoritishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Barcha kuzatuvchi va ishtirokchilarga maxsus dasturlar shakllantirilib, 1500 dan ziyod uchrashuvlar uyushtirildi.
Xorijdagi saylovchilar uchun chet elda 54 ta statsionar va 519 ta muddatdan oldin ovoz berish ko‘chma saylov uchastkalari tashkil etildi.
Hurmatli senatorlar,
Davlatimiz rahbarining bevosita ko‘rsatmalariga binoan, Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish tashqi siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Shu sababli, iqtisodiyotimizga chet el investitsiyalarini jalb qilish, eksport hajmi va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston xududlarida 2021-2023-yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan Investitsiya dasturidagi 756 ta loyihalar doirasida umumiy hajmi 8,1 milliard AQSH dolllarga teng xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirishga amaliy ko‘mak berildi.
Barcha diplomatik vaklolatxonalar tomonidan har bir xorijiy hamkorlar bilan «loyihabay» tizimda ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yil mobaynida xorijiy davlatlarning salohiyatli investorlari va ishbilarmon doiralari vakillarining 1 ming 100 dan ortiq tashriflari tashkillashtirildi. Xususan, BAA, Turkiya, Rossiya, Bangladesh, Pokiston, Qozog‘iston, Fransiya, Turkmaniston, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki va qator boshqa xalqaro moliya institutlar vakillarining O‘zbekistonga tashriflari yuqori saviyada amalga oshirildi.
Ular ishtirokida ikki va ko‘p tomonlama shakldagi biznes-forumlar o‘tkazildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahatlashuv uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy forumi tashkillashtirildi.
2021 yil 4 sentabr kuni Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 46-yig‘ilishi o‘tkazilib, unda 57 ta a’zo mamlakatlarning iqtisodiyot va moliya vazirlari, xalqaro moliya tashkilotlari hamda 500 dan ziyod yirik kompaniya vakillari va ishbilarmonlarining ishtiroki ta’minlandi.
O‘zaro kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida turli davlatlar bilan Hukumatlararo qo‘shma komissiyalarning 20 dan ziyod yig‘ilishlari uyushtirildi. Ularning yakuni bo‘yicha respublika vazirlik va idoralariga yurtimiz iqtisodiyotiga keng
ko‘lamli investitsiya, grant va moliyaviy-texnik ko‘makni jalb qilish yuzasidan 800 ta taklif va mulohazalar kiritilgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizni iqtisodiy salohiyatini targ‘ib qiluvchi 1200 dan ziyod taqdimot materiallari chop etildi.
Davlatimiz eksportining hajmi va geografiyasini oshirish maqsadida vakolatxonalarimiz zimmasiga yuklatilgan 7,5 milliard AQSH dollariga teng tovarlar eksporti prognozi, joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 8,3 milliard dollar qiymatida, ya’ni belgilangan rejaga nisbatan 111% bajarildi.
Jadal iqtisodiy diplomatiya natijasida O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi Komissiyasi tomonidan «GSP+» hamda Buyuk Britaniyaning «GSP» tizimlarida benefitsiar maqomi berilishiga muyassar bo‘lindi.
Shu bilan birga, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik doirasida 5-yig‘ilishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. JSTga a’zo davlatlar bilan tegishli muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida davlat rahbarlari darajasidagi Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining 3 ta yig‘ilishida hamda Bosh vazirlar darajasidagi Yevroosiyo Hukumatlararo kengashining 4 ta yig‘ilishida O‘zbekiston rahbariyatining faol ishtiroki ta’minlandi.
O‘zbekistonning xalqaro transport-tranzit koridorlarini diversifikatsiya qilish maqsadida mintaqamizni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish va «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihalari yuzasidan qator manzilli ishlar amalga oshirildi.
Hurmatli majlis qatnashchilari,
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat yoki boshqa faoliyatni amalga oshirayotgan fuqarolarimizni ijtimoiy muhofazalash hamda ularga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida  2021 yil davomida xorijdagi diplomatik va konsullik idoralarimiz tomonidan umumiy hisobda 300 mingga yaqin konsullik-huquqiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya kabi davlatlarda fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilish uchun 25 ta nufuzli advokatlik firmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Konsullik faoliyatiga ta’lluqli 58 ta xalqaro shartnoma va milliy normativ-huquqiy hujjatlar imzolandi. Hususan, faqatgina Rossiyada huquqiy jihatdan cheklangan sharoitda yashayotgan 300 mingdan ortiq fuqarolarimizni huquqiy maqomini legallashtirishga qaratilgan hamda ularni mazkur davlatda ro‘yxatdan o‘tish muddatini 7 kundan 15 kunga uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Xorijda og‘ir ahvolda qolgan fuqarolarimizga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
15 mingga yaqin fuqarolarimiz xorijda ish bilan ta’minlandi. Mavjud migratsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish borasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Latviya, Polsha, Yaponiya, Kuvayt kabi davlatlardagi ish beruvchilar bilan muzokaralar uyushtirilib, qo‘shimcha 10 mingga yaqin ishchi o‘rin kvotalari ajratildi. Vazirlik tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga fuqarolarimizni tashkiliy asosda ishga yuborish bo‘yicha shartnomalar imzolashga amaliy ko‘mak berildi.
Hurmatli senatorlar,
Hisobot davrida tashqi siyosiy faoliyatimiz qonunchiligini yanada takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Hususan, oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 227 ta (207 ta ikki tomonlama va 20 ta ko‘p tomonlama) hujjatlar imzolandi. Koreya, Yaponiya, Germaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sohalarda umumiy qiymati 1,518 mlrd dollar va 203,1 mln yevroga teng bo‘lgan moliyaviy-texnikaviy hamkorlik (grant, kredit) shartnomalari kelishildi.
O‘zbekiston 6 ta universal xalqaro shartnomaga qo‘shildi va 14 ta mintaqaviy xarakterdagi ko‘p tomonlama kelishuvlar ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasining Yangi tashqi siyosiy faoliyat Konseptsiyasi ishlab chiqildi va u bo‘yicha Davlat Rahbarining ijobiy xulosasi olindi. Mazkur loyiha Xavfsizlik kengashi tomonidan Oliy Majlisga kiritilishi kutilmoqda.
Hurmatli senatorlar,
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini ilgari surish bo‘yicha izchil harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy rivojlanishi, “Yangi O‘zbekiston” sharoitida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq xorijiy davlatlardagi nufuzli OAVlarida 2000 ga yaqin maqolalar nashr etilib, maxsus tele-radio ko‘rsatuvlar namoyishi ta’minlandi.
Umuman olganda, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev boshchiliklaridagi tashqi siyosiy faoliyatimiz – yirik xorijiy hamkorlarimiz bilan o‘zaro munosabatlarimizni, avvalambor, savdo-iqtisodiy va xalqaro xavfsizlik sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga, O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirishga, iqtisodiyotimizga sarmoya, yetakchi texnologiya va ilmiy ishlanmalarni jalb etishga, yurtimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga hamda fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Ularni amalga oshirish esa O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda vazirlik muvofiqlashtiruvida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konseptsiyasini qabul qilish ishlarini jadallashtirishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Hurmatli senatorlar,
So‘zim yakunida vazirlik faoliyatining ayni davrdagi ustuvor maqsadi 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”ga oid Davlat dasturidagi vazifalarni, Davlatimiz Rahbarining bevosita ko‘rsatma va topshiriqlarini samarali va puxta amalga oshirishdir.
Tashqi ishlar vazirligi belgilangan vazifa va topshiriqlarni samarali va puxta bajarilishini ta’minlashga barcha imkoniyat va salohiyatini jalb qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilaman. Bu borada Oliy Majlis palatalari tomonidan tegishli ko‘mak ko‘rsatilishiga va qo‘llab-quvvatlashlariga ishonch bildiraman.
E’tiboringiz uchun katta rahmat.