TXIF-2022: 1,5 mingdan ortiq ishtirokchi, 50 nafar jahon darajasidagi ma’ruzachi, mavzuga oid 30 tadbir

TXIF-2022: 1,5 mingdan ortiq ishtirokchi, 50 nafar jahon darajasidagi ma’ruzachi, mavzuga oid 30 tadbir

Ma’lumki, joriy yil 24-26 mart kunlari  poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi turli mamlakatlarning ishbilarmon va siyosiy doiralari vakillari forumning ishtirokchi va mehmonlari bo‘lishadi.

Ayni paytda forumda qatnashish maqsadida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 ming nafardan ortiq kishi, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari murojaat qildi.

Forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanadi. Tadbir dasturi panel sessiyalari, alohida mavzularga doir muhokamalar va davra suhbatlariga boy bo‘ladi. Uning davomida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyati ochib beriladi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar haqida so‘z boradi, hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalari belgilanadi.

Shuningdek, forumda O‘zbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari, moliya bozorini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni liberallashtirish va mamlakatni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga integratsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.

Forum, shuningdek, mushtarak maqsadlarga javob beruvchi loyihalar va tashabbuslar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida «G2G», «G2B» va «B2B» shakllarida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazish uchun samarali maydonga aylanadi.

Forum tadbirlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Youtube kanalida (https://www.youtube.com/channel/UCx7K-H57jEeBloro7YH7bNQ/featured), shuningdek, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi vazirlikning axborot resurslarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi. Dunyoning istalgan nuqtasidan Internetga ulangan har qanday tomoshabin translyatsiyani tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Forumda qatnashish uchun 20 martgacha http://www.iift.uz  sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.