Germaniyada «O‘zbekistonlik yoshlar klubi» tashkil etildi

Germaniyada «O‘zbekistonlik yoshlar klubi» tashkil etildi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Germaniyaning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan talabalar va nemis kompaniyalarida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

 

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Germaniyadagi o‘zbekistonlik yoshlarni uyushtirish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyati rivojlanishiga ko‘maklashish,  huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish bilan izohlanadi.

Yurtdoshlarimiz Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasi»ning mazmun-mohiyati bilan tanishdilar. O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimiz yoshlari jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, yosh vatandoshlarimiz o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni dillariga tugib qo‘yishganini aytishdi.

Shu bilan birga, davra suhbati davomida o‘zbekistonlik yoshlarning o‘qish va ishlash sharoitlari, kelajakda ko‘zlagan maqsadlari, vatandoshlarimiz ro‘para bo‘layotgan ayrim muammolar hamda ularning hal etilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Davra suhbati intihosida ana shunday masalalarni birgalikda hal etish, vatandosh-talabalarning  ishga joylashishlariga ko‘mak ko‘rsatish, turli tadbirlar va tanlovlar o‘tkazish masalalarini muntazam muhokama qilishga da’vat etilgan Germaniyadagi «O‘zbekistonlik yoshlar klubi»ni hamda klubning Internet tarmog‘idagi sahifasini tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbirdan so‘ng ayrim o‘zbekistonlik yoshlar o‘zlarining quyidagi fikr-mulohazalarini bildirishdi:

Dilshod Umirov, Germaniyaning «Reisebank AG» kompaniyasi  xodimi:

-O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni har qadamda his qilaman. Ana shunday tabarruk zaminda tug‘ilib o‘sganim, shu aziz Vatan farzandi ekanligimdan baxtiyorman. Zotan, keyingi yillar davomida yurtimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan ezgu va katta  e’tiborga molik ishlar, tub islohotlarning ko‘lami tobora  kengaymoqda. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunini alohida ta’kidlash joiz, deb hisoblayman. Chunki ushbu hujjat mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Abdulbositxon Anvarxonov,  Gyote instituti talabasi:

– Bosh konsulxona tomonidan tashkil etilgan bugungi tadbir tarixga muhrlandi. Chunki bugun Germaniyada ilk bor «O‘zbekistonlik yoshlar klubi» tuzildi va uning istiqboldagi vaziflari kelishib olindi. Davra suhbati qiziqarli muloqot va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.  Bundan biz juda katta taassurot oldik.

Germaniyada ta’lim olayotgan va ishlayotgan yoshlarga bo‘lgan bunday e’tibor, shubhasiz, bizni ikki karra ko‘proq tirishqoqlik bilan o‘qish va izlanishga, astoydil mehnat qilishga, jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida ishlab tolmaslikka undaydi.

Ruxsora Tolibjonova,  Gyote institut talabasi:

– Bosh konsulxona tomonidan Germaniyada ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan «O‘zbekistonlik yoshlar klubi» hamda Internet tarmog‘ida maxsus platforma tashkil etilishini eshitib juda xurmand bo‘ldim. Endi Germaniyada yashayotgan biz vatandoshlar ushbu klub atrofida birlashib, xalqimiz farovonligi va mamlakatmiz ravnaqiga o‘zimizning kamtarin hissamizni qo‘shamiz.