«Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot chaqirig‘i nihoyasiga yetganini eʼlon qildi

«Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot chaqirig‘i nihoyasiga yetganini eʼlon qildi

Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida O‘zbekiston paxta jabhasidagi mehnat sharoitlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Tadbir «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi, O‘zbekiston Oliy Majlis Senati hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tashkil etildi.

«Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi bugundan boshlab o‘zbek paxtasini global boykot qilish chaqirig‘i tugaganini eʼlon qildi. Ushbu bayonot paxta kampaniyasining yetakchi sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Inson huquqlari forumining hisoboti o‘z hisobotini chop etayotgan paytda eʼlon qilindi. Mazkur hisobotda 2021 yil paxta terimi davrida hukumat tomonidan majburiy mehnat holatiga yo‘l qo‘yilishi kuzatilmagani haqida so‘z boradi.

Huquq faollari, masʼul investorlar va biznes tashkilotlarining global uyushmasi bo‘lgan «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi islohotlar o‘zbek ishchilari, fermerlari va fuqarolik jamiyatiga naf keltirishini davom ettirishi uchun mamlakatdan masʼuliyat asosida mahsulott yetkazilishini rag‘batlantiradi. 2009 yili jahonning eng yirik 331 ta brend va chakana savdo tarmoqlari, jumladan, “C&A”, «Gap Inc.», “H&M”, «Levi Strauss & Co.», “Tesco” va “Walmart” singari yirik kompaniyalar o‘zbek paxtasiga boykot eʼlon qilgan edi.

“So‘nggi 12 yil ichida yuzlab kompaniyalarni o‘zbek paxtasidan foydalanmaslikka chaqirganimizdan so‘ng, biz o‘zbek paxtasiga bo‘lgan taʼqiqni bekor qilish vaqti kelganini mamnuniyat bilan eʼlon qilamiz. Endi kompaniyalar keng qamrovli tekshirish o‘tkazishlari va O‘zbekistonda yetkazib beruvchilarni qidirish bo‘yicha o‘zlarining siyosiy qarorlarini qabul qilishlari mumkin”, dedi «Responsible Sourcing Network» bosh direktori  va  «Cotton Campaign» asoschilaridan biri Patritsiya Yurevich.

 Tadbirda endi O‘zbekiston yangi zamonaviy obyektlar va taʼminot zanjirining to‘liq shaffofligi imkoniyatlarini taklif etgani holda paxtadan tayyorlangan gazlamalarni yetkazib beruvchi jozibali mamlakat bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.