Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari xorijiy tashriflari chog‘ida bunday uchrashuvlar o‘tkazishga alohida vaqt ajratadi. Bu O‘zbekistonning o‘zaro hamkorlikka intilishi yuqori ekanligini namoyon etishi barobarida ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani va biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilgani ta’kidlandi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda tizimli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi 5 barobar oshgan. Pandemiya cheklovlariga qaramay, yil boshidan beri ushbu ko‘rsatkich yana 70 foiz o‘sdi.
Prezidentimiz Pokiston Bosh vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga to‘xtalar ekan, quyidagi fikrlarini bayon etdi:
– Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz davlatlarimiz o‘rtasida mahsulotlarni to‘siqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berish tizimini yaratishdan iboratdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday e’tibor va sharoitlar o‘zaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusida esa 1 milliard dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda o‘tgan biznes-forumda to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 800 million dollarlik savdo va investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperatsiyasi dasturiga kiritilib, qat’iy nazoratga olinishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni ko‘paytirishga da’vat etdi.
– Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu yerda hukumat a’zolari, sanoat tarmoqlari mas’ullari yig‘ilgan. O‘zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz, – dedi Prezident.
Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, turli sohalardagi mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz ishbilarmonlarning rejalarini ma’qullab, barcha tashabbus va shartnomalarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
Telegram uchun: O‘zbekiston Prezidenti: Asosiy maqsadimiz davlatlarimiz o‘rtasida mahsulotlarni to‘siqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berilishi tizimini yaratishdan iborat
Davlatimiz rahbari 4 mart kuni Islomobodda Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi