Navro‘z bayrami «Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» degan bosh g‘oya asosida nishonlanadi

Navro‘z bayrami «Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» degan bosh g‘oya asosida nishonlanadi

TOSHKЕNT, 18-fevral. «Dunyo» AA/. 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda «Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanadi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Bu haqda O‘zbekiston Prezident  tomonidan  imzolangan «2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorda qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, poytaxtimizdagi «Yangi O‘zbekiston» majmuasida alohida dasturlar asosida xalq sayillari tashkil etiladi. Bayram arafasida umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.

Qarorda O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarligida Navro‘z bayramini yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi. Qo‘mitaga hududlarda, shahar va qishloqlarda Navro‘z umumxalq bayramining umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini ta’minlash yuklatilgan. Tashkiliy qo‘mitaga, shuningdek, “Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish konsepsiyasi va tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Mazkur konsepsiya va dasturni tayyorlashda barcha tadbirlarni tom ma’noda umumxalq sayli va shodiyonasi sifatida o‘tkazish, ularda keng xalq ommasining faol ishtirok etishini ta’minlanadi.

Bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Mehr daftari»ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari qarorida, shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayrami arafasida respublikaning barcha hududlarida, har bir ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.

Hujjatda bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan joylarda hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil qilinadi, ko‘klam taomlari tayyorlanib, ularning savdosi yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.

2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami sayillari va tadbirlari koronavirusga qarshi mamlakatimizda o‘rnatilgan karantin qoidalari va jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi, deyiladi qarorda.