Germaniya o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni jalb qilishdan manfaatdor

Germaniya o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni jalb qilishdan manfaatdor

Germaniyaning «Südthüringer Zeitung» gazetasi sahifalarida “Tadbirkorlar shogird izlab O‘zbekistonga sayohat qilmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«Südthüringer Zeitung» – Tyuringiya federal o‘lkasining mintaqaviy kundalik gazetasi. Nashr sahifalarida tahliliy materiallar, maqolalar, reportajlar, taniqli siyosatchi va tadbirkorlarning intervyulari chop etiladi.

Nashrning qayd etishicha, Vernau shahridagi taʼlim sohasiga ixtisoslashgan kompaniya O‘zbekistonni o‘zi uchun kashf etmoqda. Shu o‘rinda, mamlakat aholi o‘sish jarayonida ekaniga eʼtibor qaratilgan.

“O‘zbekistonlik Alisher Eshonov va Xongeldi Ibragimov Shtaynbax-Hallenberg shahridagi «Hehnke GmbH» kompaniyasida amaliyot o‘tashga qaror qildi, – deyiladi maqolada. – Ko‘p yillar davomida Janubiy Tyuringiyada chet eldan malakali ishchilarni jalb qilish bo‘yicha turli loyihalar mavjud. Bu jarayonda doimo til bilish bilan bog‘liq to‘siqqa duch kelinadi, baʼzida rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish uchun yetarlicha yoshlarni topish qiyin kechadi. Endilikda «Hehnke GmbH» kompaniyasi yangi yondashuvdan foydalanmoqda”.

“O‘zbekiston yoshlari juda mehnasevar, ilmga chanqoq, yangi bilimlarni tez o‘zlashtirishga harakat qiladi, – deydi «Hehnke GmbH» direktori Roymshyussel. – Biz ularni o‘qitishimiz va malakali mutaxassislar qilib tayyorlashimiz kerak”.

Bu nafaqat vazifa, balki imkoniyat hamdir. Maqsad – avvalgi dasturlarning kamchiliklaridan xulosa chiqarish. Nomzodlar bilan batafsil suhbatlar o‘tkaziladi, ammo muloqotdan so‘ng ham yoshlar yolg‘iz qolmaydi. Germaniyada o‘qish paytida ham ularga hamrohlik qilishda davom etiladi, deyiladi maqolada.

“O‘zbekistonning yangi rahbariyati ham bunday hamkorlikdan manfaatdor. Mamlakat bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu esa hamkorlikka “yashil chiroq” berildi deganidir”, – deya xulosa qiladi «Südthüringer Zeitung».