SMTI direktori Eldor Aripov: Murojaatnoma islohotlarimiz boshida har bir inson, uning manfaatlari va farovonligi turganini yana bir bor ko‘rsatib berdi

SMTI direktori Eldor Aripov: Murojaatnoma islohotlarimiz boshida har bir inson, uning manfaatlari va farovonligi turganini yana bir bor ko‘rsatib berdi

Inson, uning manfaatlari va farovonligi davlatimiz rahbarining barcha islohotlarining asosiy maqsadi va asosidir, deb taʼkidladi O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov «Yangi O‘zbekiston» gazetasining bugungi sonida eʼlon qilgan maqolasida.

Quyida “Dunyo” AA «Hayotimiz farovonligi asosi» sarlavhali maqolaning to‘liq matnini eʼtiboringizga havola etmoqda.

«2020 yilga koronavirus pandemiyasi sharoiti, tabiiy va texnogen falokatlar oqibatida yuzaga kelgan muammolarni eslab nazar soladigan bo‘lsak, nafaqat sinovlarni yengib o‘tganimiz, balki qator yutuqlarga erishganimizni ishonch bilan ayta olamiz. Bu jihatlar Prezidentimiz Murojaatnomasida o‘z ifodasini topdi.

O‘tgan yildagi barcha murakkab holatlar obyektiv xususiyatga ega ekaniga qaramasdan, davlatimiz rahbari o‘zining «Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun» degan tamoyiliga sodiq qoldi. Davlatlararo chegaralar yopilgan­bo‘lsa-da, 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Buning uchun diplomatik, sanitar-epidemiologik, transport-logistik va boshqa zarur resurslar safarbar qilindi.

Albatta, buni birdaniga amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Lekin fuqarolarimiz chet mamlakatlarda o‘z holiga tashlab qo‘yilmadi, 100 mingga yaqin yurtdoshlarimizga yordam berildi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz va o‘z yordamlarini ayamagan volontyorlar tomonidan qiyin vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.

Pandemiya sababli qiynalib qolgan oddiy fuqarolar va tadbirkorlar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ularga turli soliq imtiyozlari taqdim qilindi, kredit qarzlarini to‘lash muddatlari uzaytirildi va 66 trillion so‘mdan iborat moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi. Butun xalqimizni birlashtirgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida 800 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam berildi.

Albatta, ehtiyojmandlarning barcha muammolarini birdaniga hal qilish qiyin. Moddiy yordam taqsimlanishi jarayonida Bosh prokuratura qonun buzilishi holatlarini ham aniqladi. Biroq insonlarning manfaatlari davlat uchun eng muhim ustuvorlikka egaligi shubhasiz.

Eʼtiborlisi, pandemiya va u bilan bog‘liq masalalar Murojaatnomada eng ko‘p tilga olindi. Yutuqlar haqida so‘z ketganida, diqqatga sazovor bir nechta omillarni qayd etish o‘rinli bo‘lardi.

Birinchidan, koronavirus epidemiyasi obyektiv ravishda nazoratga olindi. Prezidentimizning qatʼiy topshirig‘i va tavsiyalari asosida epidemiyaning dastlabki davrida yuzaga kelgan sarosimani yengib o‘tib, sog‘liqni saqlash tizimida to‘la safarbarlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi. Qisqa muddat ichida bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 30 mingga yaqin o‘rin tashkil qilindi.

200 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari va 150 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilindi. Hozirda kasallanishning kunlik o‘sish ko‘rsatkichi 70 tadan oshmayapti. Bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

Ikkinchidan, yana bir jihatni alohida aytish kerak. Yaʼni, o‘tgan yilda 1 milliard  dollar miqdorida meva va sabzavot eksport qilindi. Binobarin,  oldingi yillarda ham biz paxta tolasining eksportidan bunday ko‘rsatkichga erishmaganmiz. 2020 yilda paxtaning hosildorligi ham 10 foizga oshdi.

Bunda xususiy xo‘jaliklar va klasterlarning xizmati beqiyos. Ahamiyatlisi, bunday natijaga talaba va byudjet idoralari xizmatchilarini jalb qilmasdan, davlat tomonidan maxsus imtiyoz hamda preferensiyalar berilmasdan erishildi. Aksincha, yangi ish o‘rinlari yaratildi, mamlakatga suv va energiyani ortiqcha sarflamaydigan, ekologik toza mahsulot yetishtirish imkonini beradigan yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari, texnologiyalar olib kelindi.

Bu agrar sohada amalga oshirilgan islohotlar dastlabki natijalarining o‘ta muhim ko‘rsatkichlaridir. Zero, buning zamirida o‘tgan bir necha o‘n yillar davomida bozor iqtisodiyoti mantig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan, minglab odamlarni dalalarga olib chiqish va faqat paxta xomashyosini yetishtirishga ixtisoslashgan tizim o‘rniga yangi, bozor munosabatlari hamda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yondashuv mavjud.

Uchinchidan, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 25 foizgacha yetkazildi. To‘rt yil oldin mazkur ko‘rsatkich 9 foizdan oshmas edi. Mamlakat bu indikator bo‘yicha dunyoda eng oxirgi o‘rinda bo‘lib, fuqarolar urushi davom etayotgan Afg‘oniston bilan yonma-yon edi.

Mamlakatda yangi o‘quv muassasalari va yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari tashkil qilinmoqda. Bu uzoq vaqt mobaynida obyektiv tarzda yuzaga kelgan o‘ta muhim vazifalardan biri, yaʼni, turli sohalarda yetuk mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.

To‘rtinchidan, sudlar mustaqilligi taʼminlanishi natijasida 2020 yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.  Eslatib o‘tish kerak, yil oldin bu kabi oqlov hukmlari mavjud emas edi. Albatta, bu ko‘rsatkich  sudlarimiz to‘liq mustaqillikka erishdi, degani emas. Ammo bu boradagi statistika ko‘p jihatlarni oydinlashtiradi. Agar ilgari tadbirkorlarimiz va fuqarolar davlat idoralariga nisbatan sud jarayonlarida kamdan-kam holatlarda g‘olib bo‘la olgan bo‘lsa, bugungi kunda raqamlar buning aksini ko‘rsatmoqda. 2017 yildan boshlab maʼmuriy sudlar tomonidan qariyb 70 foiz ishlar fuqaro va tadbirkorlar foydasiga qanoatlantirilgan.

Beshinchidan, yurtimizda kechayotgan yangilanishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmoqda va O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini oshirmoqda. Tarixda birinchi marta O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi aʼzosi etib saylandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston AQSH Davlat departamentining diniy erkinlik sohasidagi maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilishi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizga berilgan yuqori baho bo‘ldi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida nafaqat bajarilgan ishlar sarhisobiga to‘xtaldi, balki keyingi islohotlar uchun keng ko‘lamli dasturni eʼlon qildi. Uning o‘ziga xos xususiyati o‘ta aniq va qatʼiy natijalarga qaratilganida namoyon bo‘ladi.

Jumladan, davlatimiz rahbari Murojaatnomada 150 dan ortiq tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Bu jarayonda birorta ham soha eʼtibordan chetda qolmadi.

Murojaatnomada ilgari surilgan vazifalarni moliyalashtirish ko‘lami ham katta ahamiyatga ega. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Murojaatnoma doirasida eʼlon qilingan tashabbuslar, loyihalar hamda vazifalarga 25,6 trillion so‘m va 1,4 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Murojaatnomasining asosiy mazmuni ijtimoiy rivojlanishdir. Xalq farovonligi, odamlarning turmush darajasini har tomonlama yaxshilash masalalari ko‘p bor taʼkidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari lingvistik tahlili davlatimiz rahbari Murojaatnomasida ijtimoiy sohaga bo‘lgan eʼtiborning evolyutsiyasini yaqqol namoyon etadi. Agar 2017 yilda ijtimoiy mavzularga oid so‘zlar nutqning 11 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 28 foizga yetdi.

Ushbu anʼana bu yil ham davom ettirilib, Prezident ilgari eʼlon qilgan rivojlanish yo‘liga sodiq qoldi. Murojaatnomaning eng katta va muhim qismi ijtimoiy muammolar va iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlandi. Umuman olganda, Prezidentimiz aholini ijtimoiy himoya qilish samaradorligi hamda fuqarolar turmushi farovonligini oshirish va ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan 70 dan ortiq tashabbuslarni eʼlon qildi.

Kambag‘allikni qisqartirish Murojaatnomaning asosiy maqsadidan biriga aylandi. Prezident ushbu masalalar yechimiga batafsil to‘xtaldi. Xususan, birinchi navbatda, bandlikni taʼminlash masalasiga alohida urg‘u berildi. Bu borada mahallalarda 1000 dan ortiq kasb-hunar taʼlimi markazlarini tashkil etish loyihalarini taʼkidlash lozim. O‘quv kurslarini tugatgan va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istaganlarning barchasi zarur uskunalarni sotib olishi uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar olishi mumkin. Bundan tashqari, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ish bilan taʼminlash uchun bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalariga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Aholi Murojaatnomadan o‘zlarini o‘ylantirib kelayotgan savollarga batafsil javob topdi. Bu borada ham davlatimiz rahbarining oddiy xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlari, o‘zaro muloqoti taʼsirini yaqqol sezish mumkin. Bu Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifi davomida yoki tadbirlardagi ishtirokida o‘zgarmas amaliyotga aylanib ulgurgan. Prezidentimiz xalq va yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali barcha “og‘riqli nuqtalar” va mavjud kamchiliklar haqida bevosita tasavvurga ega bo‘ladi.

Shu sababli, Murojaatnomada keng qamrovli manzilli choralar ko‘rsatilgan. Yoshlarni, kam taʼminlangan, eʼtiborga muhtoj oilalar farzandlarini, yetim bolalarni, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, maktablar, bolalar bog‘chalari qurish, teatrlar, muzeylar, madaniyat, sport muassasalarini bunyod etish, rekonstruksiya qilish, shaharu qishloqlarda yo‘llar qurish va taʼmirlash shular jumlasidan. Oddiy odamlar ehtiyoj va talablariga nisbatan bunday yondashuv, shubhasiz, Prezidentimizning xalq fikr-mulohazalarini tinglab,  ularni qiynayotgan savollarga o‘z vaqtida javob berishini, ayni paytda muntazam tegishli chora-tadbirlar qo‘llayotganini namoyon qiladi.

Bu borada aholini gaz bilan uzluksiz taʼminlash masalasida zudlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlarni alohida qayd etish lozim. Jumladan, davlatimiz rahbari bu muammoning yechimi sifatida qo‘shimcha gaz talabining 35 foizi eksport resurslarini ichki bozorga yo‘naltirish, qolgan qismi import hisobidan qoplanishini belgilab berdi. Bundan tashqari, 2021 yildan tabiiy gaz yetkazib berishda monopoliyaga barham berish rejalashtirilgan. Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar gazni birjada sotish imkoniga, ulgurji isteʼmolchilar esa uni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektorning ishtiroki kengaytiriladi va uni import qilishda boj to‘lovlari bekor qilinadi.

Murojaatnomada jamiyatda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu —avtomobillar bozoridagi monopoliya masalasi ham ko‘tarildi. Ushbu sohada raqobatni kuchaytirish maqsadida korxonalarga teng imkoniyatlar yaratish va avtomobil sanoati ishlab chiqaruvchilari sonini ko‘paytirish ko‘zda tutilmoqda.

Korrupsiya muammosi bo‘yicha Moliya vazirligiga davlat organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalar daromadi va xarajati, davlat ishtirokidagi tashkilotlar xaridlari, shuningdek, davlat subsidiyalari hamda grantlari to‘g‘risidagi maʼlumotni chop etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘rsatib o‘tildi.

Bu tizim orqali davlat muassasalari faoliyatining ochiqligini yuqori darajada taʼminlashga erishiladi. Bu, o‘z navbatida, davlat idoralari faoliyati jamoatchilikning qatʼiy nazoratida bo‘lishiga zamin yaratadi.

Murojaatnomada, shuningdek, yoshlar va taʼlimga bo‘lgan alohida eʼtiborni ham taʼkidlash lozim.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, inson ishtirokisiz hech qanday olg‘a siljishni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Aynan odamlar mamlakatning asosiy ustunligi va kapitalidir.

Joriy yilning «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb eʼlon qilinishi ushbu mantiqqa to‘la mos keladi.

Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashib, bevosita muloqot qilish orqali yigit-qizlarimizda jamoat ishlariga kirishish, islohotlarni “yuqoridan pastga” tamoyili bo‘yicha amalga oshirilishini kutish emas, aksincha, tashabbusni quyidan ko‘rsatishga tayyor ekanini ko‘ra oldi. Yoshlardagi faollik va ishga bo‘lgan yondashuv ko‘plab amaldorlarda yetishmasligini davlatimiz rahbari tanqidiy qayd etib o‘tdi.

Kreativ, erkin, ilmli yoshlar islohotlar jarayonining asosiy drayveri, O‘zbekistonning raqobatbardosh ustunligi bo‘la oladi va shunday bo‘lishi ham lozim. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda, shuningdek, taʼlim olish, ijod qilish va yosh avlodni mamlakat hayotida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Xususan, oliy taʼlim muassasalaridagi davlat granti uchun ajratilgan o‘rinlar 25 foizga, shu jumladan, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ikki barobarga oshiriladi. Bu yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrovi darajasini yana-da oshirish imkonini beradi.

Oliygohlar va ilmiy muassasalarda doktorantlar sonini 4,5 minggacha yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratiladi. 2021 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi doirasida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga taʼlim olish uchun yuboriladigan yoshlar soni birdaniga besh barobarga oshiriladi.

Shubhasiz, ushbu sohaga qaratilayotgan eʼtibor va ajratilayotgan mablag‘lar kelajak uchun kiritilgan eng yaxshi investitsiyadir. Zero, mashhur amerikalik siyosatchi Benjamin Franklin taʼkidlaganidek, «bilimga kiritilgan sarmoya eng yaxshi natija beradi».

Butun Yevropaning iqtisodiy o‘sish dvigateli hisoblangan Germaniya taʼlim va ilmiy tadqiqotlar uchun xarajatlarni yildan-yilga barqaror oshirib bormoqda. O‘z navbatida, Xitoyda aniq fanlar va informatikani chuqurlashtirib o‘rganishga bo‘lgan saʼy-harakat mamlakatda yangi turdagi — innovatsion iqtisodiyot shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Bugun Xitoy Global innovatsiyalar indeksida 14-o‘rinni egallaydi va ushbu yo‘nalishda yetakchilardan biri hisoblanadi.

Prezidentimiz tomonidan Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili uchun bildirilgan tashabbuslar ro‘yobga chiqishi yoshlarning o‘z qobiliyatini namoyon qilishida ularni qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Murojaatnoma islohotlarimiz boshida har bir inson, uning manfaatlari va farovonligi turganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Bu davlatimiz rahbarining asosiy maqsadidir».