Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti: Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi afg‘onlararo tinchlik jarayonining boshlash nuqtasi bo‘ldi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti: Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi afg‘onlararo tinchlik jarayonining boshlash nuqtasi bo‘ldi

Dohada (Qatar) Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha uzoq kutilgan afg‘onlararo muzokaralar boshlandi. Kobul hukumat delegatsiyasining “Tolibon” harakati bilan uchrashuvi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun tarixiy imkoniyat sifatida baholanmoqda.

– To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot so‘nggi o‘n yillikda birinchi bor bo‘lib o‘tmoqda va afg‘on xalqi uchun tinch hayotni o‘rnatishga haqiqiy umid baxsh etmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Bahodir Egamov «Dunyo» axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida. – Muzokaralar boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi, Qatar, AQSh, Norvegiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Pokiston, Yaponiya va boshqa mamlakatlar vakillari qatnashdi.

Afg‘onistonda tinchlikka erishish haqida so‘z borar ekan, Afg‘oniston vakillari, shuningdek, Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish jarayonlariga jalb etilgan mamlakatlar siyosatchilari va ekspertlari bunda Toshkentning muhim rolini alohida e’tirof etdi. Bundan tashqari, aynan O‘zbekiston Prezidentining Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tashabbuslari afg‘on muzokaralari jarayonini qayta tiklashga va tashqi ishtirokchilarning vaziyatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga yordam bergani haqida fikr bildirildi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, qanday sabablarga ko‘ra O‘zbekiston siyosati yuqori baho va e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda? Urushlardan aziyat chekkan mamlakatda tinchlikka erishishda rasmiy Toshkent tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? O‘zbekiston Prezidentining qanday tashabbuslarini misol sifatida keltirish mumkin?

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Bahodir Egamov quyidagicha javob berdi:

Birinchidan, hammamizga ma’lumki, 2018 yilning mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu forum dunyo hamjamiyatining Afg‘oniston Islom Respublikasida davom etayotgan qon to‘kilishiga bo‘lgan e’tiborini qaytardi.

O‘sha paytda Prezident Ashraf G‘ani, Afg‘oniston taqdiriga befarq bo‘lmagan deyarli barcha mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, yuqori martabali diplomatlar Toshkentdagi forumda jamlandi. Afg‘onistondagi murosasizlikni tinchlik yo‘li bilan hal qilishning asosiy tamoyillarini belgilab bergan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, forumda mamlakatda tinchlikni yanada mustahkamlash strategiyasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun konferensiyaning o‘zi ham, O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlari ham alohida ahamiyatga ega ekanini tasdiqlash uchun Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining shu yil mart oyi so‘ngida aytgan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli: “Bundan ikki yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun siyosiy jarayonni boshlash, manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro maqbul muloqot shakllari va mexanizmlarini izlashda muhim voqea bo‘ldi”.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod ham Toshkent konferensiyasi ahamiyati haqida gapirib, “Konferensiya amaldagi amaliy natijalarga erishish uchun mustahkam poydevor yaratdi”, deb e’tirof etdi. Ma’lumki, aynan shu anjumandan so‘ng Amerika tomoni bilan “Tolibon” o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlandi va joriy yil 29 fevral kuni Qatar poytaxtida AQSh bilan Tolibon o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Unda mamlakatda tinchlikka erishish uchun deyarli barcha muhim shartlar – zo‘ravonliklarning kamayishi, xorijiy qo‘shinlarning chiqarilishi, mahbuslarning ozod etilishi va afg‘onlararo o‘zaro muloqot boshlanishi ko‘rsatilgan edi.

Ushbu muhim shartnomani imzolaganlar, jumladan, “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Mulla Barodar tinchlik jarayonini ilgari surishda yordam bergani uchun boshqa muhim davlatlar qatori O‘zbekistonga ham samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ikkinchidan, Toshkentning Afg‘oniston yo‘nalishidagi yangilangan siyosati va tashabbuslari butun Afg‘onistonda – oddiy xalq, rasmiy hukumat, turli siyosiy kuchlar tomonidan munosib kutib olindi.

Shuni ta’kidlash joiz, O‘zbekiston asosiy afg‘on kuchlari va keng aholi orasida ijobiy obro‘ga ega.

Afg‘oniston tomoni Toshkentga ishonadi va undan umidlari ham katta.

Pokiston Global va strategik tadqiqotlar markazi mutaxassisi Mahmud ul-Hasan bu muvaffaqiyatni “Toshkentning Afg‘onistondagi siyosati boshidanoq amaliy ahamiyatga ega formulaga – Kobul bilan “iqtisodiy hamkorlik” orqali Afg‘oniston fuqarolari qalbini zabt etish, transport va logistika ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, loyihalar, shuningdek, ta’lim dasturlarini kengaytirishga asoslangan”i bilan izohlaydi.

Prezident Ashraf G‘ani bilan shaxsiy va ishonchli muloqotning o‘rnatilgani, ko‘plab masalalar bo‘yicha to‘liq o‘zaro tushunishga erishilgani rasmiy Toshkent muvaffaqiyati sabablaridan biri bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistondagi boshqa ichki siyosiy kuchlar, jumladan, “Tolibon” orasida ham obro‘ga ega. Masalan, harakatning Qatardagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy Toshkent bilan hamkorlikka umidvorligini bildirib, “Toliblar o‘z mamlakatlarida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik manfaatlari yo‘lida tashabbuslarni ilgari surgan O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi”, deya qayd etdi.

Pandemiyaning og‘ir davrida O‘zbekiston yana bir bor o‘zini afg‘on xalqining haqiqiy do‘sti sifatida namoyon eta olgani, sinovli kunlarda va qiyinchiliklarda ularni yolg‘izlatib qo‘ymagani Afg‘oniston e’tiboridan chetda qolmadi. Pandemiya sababli boshqa mamlakatlar Afg‘oniston bilan chegaralarini yopgan bir paytda, O‘zbekiston afg‘onlarga nisbatan birodarlik munosabatini namoyish etdi. O‘zbekiston Prezidentining qat’iy tutumi tufayli chegaramiz har doim barcha transport yuklari tashish uchun ochiq bo‘lib keldi. Oziq-ovqat mahsulotlari, muhim mollar, xomashyo va yoqilg‘i ortilgan yuk karvonlari Afg‘onistonga jo‘natilib, ushbu qiyin paytda mamlakatda me’yoriy hayotni ta’minladi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharifga un, guruch, o‘simlik moyi, shakar, bolalar kiyimlari, tibbiy himoya va gigiyena vositalari va boshqa ko‘plab mahsulotlar yetkazib berildi.

Ta’kidlash joiz, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Prezident Shavkat Mirziyoyevga mintaqada pandemiyadan aziyat chekkan davlatlarga, shu jumladan Afg‘onistonga saxovat yordami ko‘rsatishdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Shu bois bunday vaziyatda O‘zbekiston tomonining tinchlik jarayonidagi ishtiroki, shubhasiz, muzokaralarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Nebraska universitetining Afg‘onshunoslik markazi direktori Sher Ahmadzay ta’kidlab o‘tganidek, “Afg‘oniston hukumati va xalqi Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning ma’muriyati afg‘on masalasiga alohida e’tibor qaratayotganidan mamnun. Odamlar O‘zbekiston hukumatining Afg‘oniston masalasidagi ishtirokiga ijobiy munosabatda bo‘lmoqda”.

Uchinchidan, O‘zbekiston Prezidentining siyosiy pozitsiyasi Afg‘onistonga yangi nigoh bilan qarashga, uni keng miqyosli Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqishga imkon berdi.

Amerikaning «The Diplomat» nashri sharhlovchisi Jeyms Dyursov O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlikka qo‘shgan hissasiga bag‘ishlab yozgan so‘nggi maqolasida “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yilda hokimiyat tepasiga kelishi mintaqaning Afg‘onistonga nisbatan qarashlarini o‘zgartirdi va bu mamlakatni Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida tan olinishiga hissa qo‘shdi. Markaziy Osiyodagi mamlakatlarning Afg‘onistonni mintaqa iqtisodiyotiga qo‘shilishiga yordam berishi bu yerda hukumatni mustahkamlab, fuqarolar urushining oldini olishga imkon berishi mumkin”, deya qayd etdi.

O‘zbekiston rahbarining ushbu mamlakatni faqat tahdid manbai sifatida qabul qilishni to‘xtatish va Afg‘onistonga imkoniyatlar nuqtai nazaridan qarashni boshlashga chaqirig‘i xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi. Hozirgi kunda Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish zarurligi to‘g‘risida umumiy tushuncha mavjud.

Ushbu g‘oya Toshkent konferensiyasi, shuningdek, 2017 yil noyabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yettinchi konferensiyasi va 2018 yil may oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanish dasturlari Afg‘onistonda milliy yarashuvga erishish uchun birlashtiruvchi tamoyil bo‘lib xizmat qilishi va Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solish jarayonining ijtimoiy-iqtisodiy asosini tashkil etishi mumkin, degan tushunchaga erishilmoqda.

Xususan, Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi nemis mutaxassisi Gyunter Knabe ana shunday fikrda. Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekistonning Afg‘oniston strategiyasi iqtisodiy va siyosiy muammolarni hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkin va urushlardan uzoq vaqt aziyat chekayotgan mamlakatda mojaroni tugatishga yordam beradi”.

Shu bois aytish mumkin, bugungi kunda paydo bo‘layotgan vaziyatdan foydalanib, tinchlik jarayonining davomiyligi va taraqqiyotini ta’minlash, ziddiyatli tomonlarni yarashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan bir qatorda, Afg‘onistonning iqtisodiy kelajagiga sarmoya kiritishni boshlash, Afg‘oniston ichidagi qarama-qarshilikning barcha ishtirokchilariga tinch ijodiy mehnat va mintaqaviy hamkorlikning haqiqiy samaralarini ko‘rsatish juda muhimdir.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar aynan shu maqsadlarga erishishga qaratilgan va afg‘onlararo yarashuvni rivojlantirish, kelajakda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun juda muhimdir.