Mustaqil O‘zbekiston – yangi strategiya, yangi imkoniyatlar

Mustaqil O‘zbekiston – yangi strategiya, yangi imkoniyatlar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning ushbu sarlavha ostidagi maqolasi “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Shu kunlarda mediamakonda O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan maqolalarga keng o‘rin berilmoqda.

Ushbu maqolalar va intervyularni shartli ravishda ikki toifaga ajratish mumkin. Bir tomondan, bu mustaqillik yillarida erishilgan natijalar to‘g‘risidagi rasmiy hisobоtlar bo‘lsa, boshqa tomondan, mavjud yutuqlarga nisbatan tanqidiy qarashlardan iboratdir.

Birinchi toifadagi maqolalar muayyan sabablarga ko‘ra (bizda ko‘plab raqamlar bilan to‘ldirilgan zerikarli matnlarni o‘qishni yoqtirishmaydi), kamdan-kam hollarda top maqolalar safiga kirsa, ikkinchi toifadagilar esa juda faol o‘qiladi.

Jarangdor sarlavha va bayonotlar, aniq fakt va dalillarsiz (asosan taxmin va uydirmalar) yengil matnlar o‘quvchilar e’tiborini tortadi, munozaralar qo‘zg‘atadi va ba’zida u yoki bu voqealar, qabul qilingan qarorlarni qanday anglashimizga ta’sir qiladi. Bunday noxolis axborotlar jamiyatda zamonaviy O‘zbekistonga nisbatan biryoqlama qarashlar keng tarqalishiga sabab bo‘layotgani ham sir emas.

Bu kabi maqolalar nimalarni anglatadi? O‘zbekistonning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini “dohiyona baholash”ga asoslangan bu turdagi afsonalarning mohiyati nimada?

Bunday noxolis axborotlar, eng avvalo, aholida tashqi siyosatga nisbatan shubha uyg‘otmoqda. Ya’ni tashqi siyosatning faollashuvi va uning ochiqligi mamlakatning xalqaro maydonda zaifligini ko‘rsatadi va mustaqillikka tahdid tug‘diradi, degan fikr va qarashlar paydo bo‘layotgani sezilib qolmoqda. Ba’zilar biz Rossiya ta’sirida, boshqalar Xitoy, yana birlari esa Amerika ta’sirida qoldik, deb hisoblashadi. Fikrlar rasmiy Toshkentning muayyan davlatlar bilan olib borayotgan muzokaralar jarayoni haqidagi yangiliklarning mohiyatiga qarab o‘zgarib turibdi.

Xalqaro moliya tuzilmalari yoki iqtisodiy tashkilotlar, xususan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan harakatlarga ham katta shubha bilan qaraydiganlar kam emas.

Muayyan ekspert doiralarida bu yo‘nalishdagi siyosat iqtisodiy mustaqillikning zaiflashuvi va “erkin harakatlanish” yo‘qotilishiga olib kelishi mumkinligi, bu, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan global iqtisodiy inqiroz, jahon bozorlaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik sharoitida xavflidir, degan fikrlar keng tarqalmoqda. Ammo bunday bayonotlarning barchasi hech qanday dalilga ega emas yoki faktlar bilan tasdiqlanmaydi.

Shu bois, bunday vaziyatda “Bugungi O‘zbekiston qayerga qarab bormoqda?” degan savolga aniq va dalillar asosida javob berish orqali jamiyatda xolis fikrni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

Shubhasiz, oxirgi to‘rt yilda iqtisodiy va siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar avvalgisidan farq qiladi. Maqsad va vazifalar o‘zgarishsiz qolgan bo‘lib, ularga erishish mexanizmlari va yo‘llari aniq belgilangan. Mamlakatning mustaqilligi va ravnaqi, xalq farovonligining o‘sishi o‘zgarmas maqsad bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, ochiq tan olish kerakki, avvalgi uzoq muddatli strategiya ko‘proq muayyan “status-kvo”ni, iqtisodiy rivojlanishning erishilgan darajasini saqlab qolishga qaratilgan edi. Ushbu strategiya yakkalanish va avtarkiya tufayli tashqi xatarlarni maksimal darajada kamaytirish, ya’ni ichki bozorni o‘rnatilgan monopoliyalarga bog‘lab qo‘ygan holda milliy iqtisodiyotni izolyatsiyalashni nazarda tutgan edi.

Natijada ko‘p yillar davomida faqat muayyan bir kafolatlangan “qulaylik zonasi”ni saqlash asosiy vazifaga aylandi. Muammolarni hal qilish o‘rniga biz o‘zimizni aldab, ularni yo‘q deb hisoblab, ulardan o‘zimizni to‘sib qo‘yishni afzal ko‘rdik. Tashqaridan kelgan innovatsiya va yangiliklar o‘z potensialini amalga oshirish uchun imkoniyat emas, balki xavf va tahdid sifatida qabul qilindi. Tashqaridagi har narsaga o‘zimizga bosim sifatida qarab, ularga to‘siq qo‘yib, ko‘p sohalarda turg‘unlikka duch keldik.

O‘z navbatida, jadal rivojlanayotgan dunyo prinsipial jihatdan yangi iqtisodiy siyosatni, barcha yo‘nalishda — iqtisodiyot, ta’lim, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, gumanitar kabi sohalarda katta o‘zgarishlar uchun yangi imkoniyatlarni topishga qaratilgan faol tashqi iqtisodiy strategiyani talab qildi. Zamonning o‘zi davlat boshqaruvini tashkil etishda, shu jumladan, tashqi siyosat sohasida yangicha qarash va fikrlashni talab qildi.

Tabiiyki, bunday sharoitda muqarrar o‘zgarish zarurligini anglash ehtiyoji paydo bo‘ldi. Bu odatiy zarurat yoki bir joyda qolib ketish emas, balki munosib rivojlanishni ta’minlashning yagona yo‘li ekanini anglashdir.

Barcha sohalarda, davlat boshqaruvi, jamiyat, ommaviy axborot vositalari, iqtisodiyotda uyg‘onish boshlandi.

Prezident navbatdagi Uyg‘onish davri (renessans) uchun sharoit yaratish haqida gapirganda, bu shunchaki balandparvoz so‘zlar emas, balki O‘zbekiston rivojlanishini yangi relslarga qo‘yadigan haqiqiy ishlardir.

O‘z-o‘zidan ravshanki, ko‘pchilik qayta moslashishi va odatdagi “qulaylik zonasi”dan chiqib ketishi kerakligi aniq, lekin hamma ham yangi sharoitlarga muvaffaqiyatli moslasha olmaydi. Kimdir sodir bo‘layotgan voqealar jadalligi ortidan shunchaki ulgurmaydi. Shunday sharoitda shubhalar muqarrar, va natijada barcha yangiliklarni tanqid qilish yuzaga keladi. Ko‘pchilik odatiy turmush tarzini o‘zgartirishni istamasligi natijasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni inkor etib, qabul qilmaslikni afzal ko‘radi.

Bunday kayfiyatlar barcha davlatlar qatori bizni ham cheklab o‘tmagan inqiroz paytida yanada kuchaymoqda. Daromadi yoki daromad manbaini yo‘qotgan fuqarolarning muammolari, ba’zi mansabdor shaxslarning beparvoligi ayrim skeptik kishilar va qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlar uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha, jumladan, tashqi siyosatdagi islohotlarni shubha ostiga qo‘yish uchun qulay sabab bo‘lmoqda.

Biroq amaldagi strategiya tashqi va ichki siyosatda rivojlanishning yangi drayverlarini faol ravishda ishlab chiqish va ulardan foydalanishga qaratilgan mutlaqo pragmatik yo‘ldir.

Yangi yo‘nalishning afzalligi nimada, u mustaqilligimizni qay tarzda mustahkamlaydi?

Avvalo, tashqi siyosat nuqtai nazaridan olganda, hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro jarayonlarda yanada faol ishtirok etib, mintaqaviy va global kun tartibini belgilashda dadillik bilan qatnashmoqda. Ayni paytda biz o‘zimizning yakkalangan dunyomizda yashayotganimiz yo‘q, atrofimizda sodir bo‘layotgan jarayonlarni hisobga olishga majburmiz.

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan muammolarni samarali hal etish uchun raqobat kuchayayotgan bir sharoitda resurslar va savdo bozorlariga kirish har qachongidan ham muhim. Bunday vaziyatda Toshkent o‘zining milliy manfaatlaridan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va siyosiy muammolarni hal qilishda xalqaro maydonda o‘z pozitsiyasini faol ravishda ilgari surmoqda. Zamonaviy O‘zbekistonning mustaqilligi va salohiyati avtarkiya va o‘z-o‘zini yakkalash orqali emas, balki faol xalqaro hamkorlik orqali ta’minlanmoqda.

Masalan, biz ko‘p tomonlama tashkilotlarga a’zolik imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishni boshladik.

Ilgari O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish bo‘yicha BMT doirasidagi tashabbusi yillar davomida taniqli va muhim tashabbus bo‘lib kelgan.

So‘nggi 3 yilning o‘zida rasmiy Toshkentning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 3 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu hujjatlar Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifiy va diniy bag‘rikenglik, turizmni rivojlantirish kabi sohalarga daxldordir. Barcha rezolyutsiyalarda nafaqat joriy masalalar, balki O‘zbekiston va mintaqa uchun haqiqatda muhim ahamiyatga ega jihatlar yoritilgan. Orol muammosini hal qilishga yo‘naltirilgan va rasmiy Toshkent uchun muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir tashabbus hozirgi kunda samarali amalga oshirilmoqda. Bunda so‘z Orolbo‘yi hududi aholisi xavfsizligini ta’minlash uchun BMT shafeligida ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzish haqida bormoqda.

Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun donorlarning 26,1 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari jalb qilindi. 2020 yilda qariyb 200 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit va grant mablag‘lari jalb etilishi kutilmoqda. Birinchi arizani qabul qilish doirasida fond tomonidan 2 ta loyiha moliyalashtirildi.

Uzoq yillardan beri ilk marta O‘zbekiston nomzodligi BMTning maxsus organlariga ilgari surilmoqda. Oktyabr oyida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari kengashiga o‘z nomzodini taqdim etishi zarur. Mutaxassislarning fikri va prognozlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda kengashning yangi a’zosi bo‘lish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, mana shunday yondashuv natijasida O‘zbekistonning obro‘si ortib bormoqda. Yana bir omil — mamlakatni modernizatsiya qilish jarayoniga jalb etgan holda BMT loyihalari, dasturlari va uning tuzilmalari resurslaridan foydalanish imkoniyatining mavjudligidir.

Yuqorida aytib o‘tilganlarning barchasi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyatidan ayrim misollardir.

Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari va dinamikasini shakllantirayotgan muhim ishtirokchilardan biriga aylanganini ham alohida qayd etish joiz. Jahon hamjamiyatiga yuzlangan holda O‘zbekiston boshqa davlatlarni Markaziy Osiyo mintaqasiga o‘zgacha nazar bilan qarashga va uning mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlaridan eng yuqori darajada foydalanishga undamoqda.

Buning yorqin misoli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusidir. Bu noyob format.

Yaxshi eslaymizki, oldinlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari faqatgina ikki tomonlama tashriflar yoki MDH va ShHT doirasidagi oliy darajadagi tadbirlarda, shuningdek, boshqa xalqaro doiralarda uchrashgan.

Ayni paytda bevosita uchrashuvlar uchun imkoniyat mavjud. Maslahat uchrashuvlari — bu Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil ravishda, boshqalarning aralashuvisiz va vositachiligisiz muhim mintaqaviy masalalarni muhokama qilishi va yechimlar ishlab chiqishi mumkin bo‘lgan platformadir.

Yana bir misol — 20 yildan beri hal qilinmagan chegara masalalari keskinlik manbai, ta’sir o‘tkazish vositasi va har qanday vaqtda “savdolashish” predmetiga aylanishi mumkin edi. Bugungi kunda bunday ssenariylarni amalga oshirish imkoniyatlari keskin kamaydi. O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi muhim hujjatlarni imzoladi.

So‘nggi yillarda viza tartiblari soddalashtirildi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarda o‘nlab nazorat punktlari ochildi. Natijada har kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasini kesib o‘tgan fuqarolar soni 30 ming kishiga, o‘zbek-tojik chegarasida esa 20 ming kishiga yetdi.

Chegara masalasidan tashqari, qo‘shnilar bilan yana bir murakkab masala kun tartibidan chiqarildi. Ya’ni suv-energetika muammosi bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi. Yaqin kelajakdagi rejalar Markaziy Osiyo energetik halqasini to‘liq formatda ishga tushirishdan iboratdir. Hozir O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan mavsumiy ravishda, Tojikiston bilan umumiy energetik halqa doirasida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi va sanoat sohalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini, ayniqsa, qish mavsumida talab eng yuqori bo‘lgan paytda to‘liq qondirish imkonini beradi.

Mintaqaning savdo-iqtisodiy sohadagi mavjud imkoniyatlari ochilmoqda. 2016 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan muddatda mintaqa hududlari o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 2 barobar oshib, 7 milliard AQSh dollaridan ortdi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarida nafaqat mintaqadan tashqari savdo sheriklariga intilish, balki yaqin bozorlarni egallash imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Afg‘onistonga nisbatan yangi siyosat natijasida ham mintaqa uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Biz avvalgidek o‘zimizni Afg‘onistondan to‘sib qo‘ymayapmiz, balki ushbu davlatni o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb qilmoqdamiz. Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash, uning tranzit va infratuzilma salohiyatini ishga solish mintaqalararo savdoni rivojlantirishga, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki berishi mumkin.

Pragmatizmga asoslangan siyosat

Bugungi kunda ko‘pchilik O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida ishtirok etishi yuzasidan yondashuv o‘zgarganidan tashvishda. Ammo biz bu vaziyatni uchinchi tomon bosimi nazariyasisiz, xolisona baholasak, aslida nima o‘zgargan? Eng avvalo, nafaqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga, balki ko‘p tomonlama tuzilmalarga nisbatan munosabat qayta ko‘rib chiqilganini aytish lozim. Hozir O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar faol bosqichda. O‘tgan yili O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, Toshkentning global va mintaqaviy maydonlardagi faol ishtiroki ularning amaliy ahamiyati va foydaliligiga bog‘liq.

Xalqaro tuzilmalarni ko‘pincha manfaatlarimizga ziyon qilgan holda ko‘r-ko‘rona inkor etish pozitsiyasi o‘z o‘rnini davlat manfaatlari uchun ustuvor bo‘lgan va amaliy natijalarga qaratilgan pragmatik yo‘nalishga bo‘shatdi. Ushbu mantiqdan kelib chiqib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga nisbatan yondashuv qayta ko‘rib chiqildi va hamkorlikning eng maqbul shakli — kuzatuvchi maqomida ishtirok etish tanlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston harbiy yo‘nalishdagi turli tashkilotlarda ishtirok etishi haqidagi taxminlar mutlaqo asossizdir. Xuddi shu fikr mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish g‘oyasiga ham tegishli.

Ushbu uyushmalarga yondashuvlarning bunday o‘zgarishi yana nimalardan dalolat beradi? Eng avvalo, bu davlatning o‘z-o‘zini ta’minlash imkoniyatiga ega ekani, xalqaro tashkilotlarda milliy manfaatlarni himoya qilish qobiliyatiga va o‘z pozitsiyalarini muvaffaqiyatli ilgari surishga ishonchidir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston harbiy yo‘nalishdagi turli tashkilotlarda ishtirok etishi haqidagi taxminlar mutlaqo asossizdir. Xuddi shu fikr mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish g‘oyasiga ham tegishli.

O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi respublikaning har qanday harbiy-siyosiy tashkilot yoki bloklarda ishtirok etishini, shuningdek, o‘zining hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirishni taqiqlaydi.

Iqtisodiy mustaqillik amalda bo‘lishi kerak

So‘nggi vaqtlarda respublikamizning iqtisodiy jihatdan zaifligi haqida bahs-munozaralar ko‘p bo‘lmoqda. Darhaqiqat, iqtisodiy jihatdan to‘liq o‘z-o‘zini ta’minlamasdan turib haqiqiy mustaqillik haqida jiddiy fikr yuritish mumkin emas. Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonda asl holat qanday?

Hozirgi iqtisodiy inqiroz va koronavirus pandemiyasini O‘zbekiston mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan yengilroq o‘tkazmoqda. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari orasida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti nafaqat qisqarmaydi, aksincha 1,5 foiz oshadi.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan taqqoslaganda bizning umumiy eksport tarkibimiz ham mahsulotlar va bozorlar jihatidan ko‘proq diversifikatsiyalashgan. 2016 yildan boshlab eksport tovarlari tarkibi muttasil o‘sib bormoqda. Agar oldingi davr bilan taqqoslasak, masalan, 2010 yildan boshlab tashqi bozorlarga yetkazib beriladigan mahsulotlar soni qariyb 1,5 baravar oshgan.

Yangi savdo bozorlari faol rivojlanmoqda. Natijada o‘tgan yilning oxirida eksport hajmi pul ko‘rinishida 2016 yilga nisbatan 56 foiz oshdi. Shunday qilib, biz bir yoki ikkita eksport yo‘nalishiga qat’iy qaram emasmiz. Shuningdek, biz bir turdagi eksport mahsulotiga bo‘lgan kuchli qaramlikni ham sezmaymiz.

Mamlakatda mustahkam xavfsizlikning “moliyaviy poydevori” shakllangan. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning zaxira aktivlari 34,7 milliard dollarni tashkil etdi. Iqtisodchilar fikricha, joriy zaxiralar 20 oydan ortiq muddatga importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich — 3 oydan ancha ko‘pdir.

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston yetakchi uchta xalqaro reyting agentligi — “Fitch”, “Standard&Poor’s” va “Moody’s” tomonidan suveren reytinglarni oldi. Bu reytinglar davlat o‘z moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarishga tayyorligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, butun iqtisodiy tizim erkinlashmoqda, iqtisodiyotning real sektorida investitsiyalar va loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Umuman, yangicha ishbilarmonlik muhiti shakllanmoqda, investorlarda kafolat paydo bo‘lmoqda, bu esa ularda mamlakatimizga investitsiyalar kiritish istiqbollariga bo‘lgan ishonchni yanada orttiradi.

Tabiiyki, bunday sharoitda O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlar, banklar va boshqa moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qilish uchun ustuvor davlatga aylanmoqda. Katta salohiyatning mavjudligi va uning o‘zaro hamkorlikka ta’sirini inobatga olib, ular sarmoya kiritishga tayyor. 2016 yildan buyon asosiy kapitalga jalb qilingan investitsiyalar va kreditlar hajmi qariyb 3 baravar oshdi. Ularning geografiyasi 51 ta sarmoyador mamlakat sonidan 82 taga yetdi, shu jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar hisobiga kengaydi.

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston yetakchi uchta xalqaro reyting agentliklari — “Fitch”, “Standard&Poor’s” va “Moody’s” tomonidan suveren reytinglarni oldi. Bu reytinglar davlat o‘z moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarishga tayyorligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, yuqoridagi misollar idealistik tasavvurni yaratish yoki haqiqatdan qochishga urinish emasligini ta’kidlash kerak. Xolisona aytganda, amalga oshirilayotgan strategiyada muayyan xavf va xarajatlar ham mavjud. Masalan, eksport hajmining o‘sishi bilan bir qatorda import hamda tashqi qarzning o‘sishi ham kuzatilmoqda.

Biroq bu xavflarning barchasi maqbul, ob’ektiv va nazorat qilinadigan darajada. Importning o‘sishi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan texnika va texnologiyalar yetkazib berilayotgani tufayli ro‘y bermoqda. Tashqi qarz YaIMning taxminan 29 foizini tashkil etadi, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqtisodchilar o‘lchovi bo‘yicha mos ko‘rsatkichdir. Biz qo‘shimcha mablag‘larni infratuzilmani yangilash dasturlari va sanoatni modernizatsiya qilish uchun olyapmiz. Boshqacha aytganda, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini yuksaltirish va uning eksport salohiyatini oshirishga sarmoya kirityapmiz. Demak, olingan kreditlar joriy xarajatlarni to‘lash uchun emas, balki kelajakka sarmoya qilinmoqda.

Shu bilan birga, barchamiz jamiyatda yutuqlarga erishish va taraqqiyotni yuksaltirish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, bu yo‘lda o‘ziga xos murakkabliklar ham yuzaga kelishini to‘g‘ri anglashimiz lozim. Chunki, hayotda tez va hech qanday yo‘qotishlarsiz hal qilib bo‘lmaydigan muammolar ham mavjud. Barcha o‘zgarishlar uchun, birinchi navbatda, vaqt va izchillik kerak. Shu sababli amalga oshirilayotgan strategiyaning pirovard muvaffaqiyati va uning to‘liq amalga oshirilishi uchun biz jamiyat hayotidagi yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashimiz va bu yo‘lda birlashishimiz, hamisha oldinga qarab barqaror va og‘ishlarsiz harakat qilishimiz lozim.