O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili va UNAMA rahbari afg‘on inqirozini hal qilish bo‘yicha hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili va UNAMA rahbari afg‘on inqirozini hal qilish bo‘yicha hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev videokonferensaloqa shaklida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Debora Layons bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

TIV veb-saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, suhbat chog‘ida Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha O‘zbekiston va UNAMA sa’y-harakatlari, Afg‘onistondagi turli loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

UNAMA rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, shuningdek, Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash borasidagi siyosatini yuqori baholadi. Xususan, Afg‘onistonda temir yo‘llar va yangi elektr uzatish liniyalarini qurish loyihalari alohida e’tirof etildi.

Mamlakatda pandemiya sharoitida zo‘ravonlik darajasini tezroq kamaytirish, shuningdek, afg‘on xalqining siyosiy jarayonda muhim rolini ta’minlash dolzarbligi qayd etildi.

Afg‘onistonda afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlash uchun har tomonlama yordam berish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.