YOSHLAR-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari ustuvorligi sari

YOSHLAR-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari ustuvorligi sari

Mamlakatimizda “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi oʻz ishini boshladi.

Tadbirda ishtirok etish maqsadida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, xalqaro va milliy nodavlat notijorat tuzilmalari vakillari, olimlar, ekspertlar, huquqshunoslar, faol yoshlar – jami 1000 dan ziyod kishi roʻyxatdan oʻtgan.
Anjumanning ikki kunlik dasturida 50 dan ortiq maʼruza rejalashtirilgan boʻlib, 15 mamlakatdan 40 xalqaro maʼruzachi va 10 nafar milliy maʼruzachi soʻzga chiqishi kutilmoqda.
Veb-forumning 4 ta yalpi majlisi davomida “Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarning rivojlanishi”, “Yoshlar huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari”, “Yoshlar uchun inson huquqlari boʻyicha taʼlim”, “Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakka nazar” mavzulari yuzasidan munozaralar boʻlib oʻtadi.
Ishtirokchilar 2017-yil 19-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 72-sessiyasida taklif qilingan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya loyihasini koʻrib chiqadilar. Navqiron avlodning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan huquqlari oʻz aksini topgan mazkur tom maʼnodagi yangi hujjat muhokamasi Samarqand forumining asosiy voqealaridan biri hisoblanadi.
Zero, ushbu sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Bu esa butun dunyoda yoshlarga oid davlat siyosati zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda.
Shuningdek, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash boʻyicha xalqaro mezonlar ishlab chiqish zarurati ham mavjud. Shu maʼnoda, yoshlar salohiyatini munosib baholash imkonini beradigan ushbu konvensiya kelgusida yosh avlod hayotiga doir koʻplab yoʻnalishlar yana-da shiddatli rivojlanishi uchun xizmat qilishi tayin.
Bu haqda soʻz borganda, parlament tizimida yoshlarning roli haligacha munosib qadrlanmayotganini misol sifatida keltirish mumkin. Hozir dunyo miqyosida 30 yoshgacha boʻlgan parlament aʼzolari 2,2 foizdan ham ozroqni tashkil etishi ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, parlamentlarning ozchilikdan iborat ana shu navqiron aʼzolari koʻplab masalalar boʻyicha oʻz qarashlariga ega. Ular mustaqil yondashuv asosida zarur qonun hujjatlarini ishlab chiqishda aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlar ishonchini qozonib kelmoqdalar.
Shu nuqtayi nazardan, Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyaning BMT tomonidan oliy darajada qabul qilinishi barcha davlatlar yoshlar muammolariga alohida eʼtibor qaratishiga turtki beradi. Yanada muhimi, maxsus konvensiya yoshlarga ularning rivojlanish maqsadlarini yana-da jadallashtirishga yoʻnaltirilgan yangi bosqichdagi huquqlarni taqdim etadi.