Vatandoshlardan iborat yo‘lovchi poyezdi Rostov-Don shahridan O‘zbekistonga yo‘lga chiqdi

Vatandoshlardan iborat yo‘lovchi poyezdi Rostov-Don shahridan O‘zbekistonga yo‘lga chiqdi

O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan maʼlumotga ko‘ra, 10-avgust mahalliy vaqt bilan soat 13.20 da ichida 918 nafar yurtdoshimiz bo‘lgan poyezd “Pervomayskaya” stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligi Tezkor shtabi xabarida keltirilishicha, Respublika maxsus komissiyasi Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridagi hamyurtlarimizni olib kelish uchun “Toshkent – Rostov-Don – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l reysni tashkillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Mazkur masala Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Transport vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan va Respublika maxsus komissiyasiga kiritilgan.

Tezkor shtab vatanga qaytarilgan O‘zbekiston fuqarolari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qatʼiy rioya qilgan holda karantinda bo‘lishlari shartligini eslatib o‘tgan.

Hozirgi vaqtda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga tezroq qaytarish uchun Rossiyaning turli hududlaridan reyslarni ko‘paytirish, reyslar, jumladan temir yo‘l reyslarining yo‘nalishi va turlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq Dunyo axborot agentligi 6 va 7-avgust kunlari Rossiya-Qozog‘iston davlat chegarasidagi Buzuluk va Kinel temir yo‘l stansiyalaridan Toshkentga har biri 918 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan ikkita yo‘lovchi poyezdlari kelganini xabar qilgan edi.

Yo‘lda yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rikdan o‘tkazilish uchun to‘xtadi. Har bir poyezdga Milliy gvardiya, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari hamrohlik qildi.