O‘zbekston va Vengriya tashqi ishlar vazirlari o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekston va Vengriya tashqi ishlar vazirlari o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan 2019 yil oktyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining majlisi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Vazirlar turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdilar, ikki tomonlama uchrashuvlarning kun tartibi va tashkiliy jihatlarini batafsil ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish zarurligini qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi tasdiqlandi, ikki tomonlama savdo hajmlarini oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarni rivojlantirishga, jumladan ikki mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi hamda «O‘zbekiston – Vengriya – Yevropa ittifoqi» shaklidagi O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida diplomatik tayyorlov hamda axborot va hujjatlar bilan almashinuv sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.