Xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni biz uchun juda muhim

Xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni biz uchun juda muhim

So‘nggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, huquq hamda manfaatlarini har tomonlama himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erkin ­Hamroyev bilan suhbatimiz mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, jumladan, vazirlikning chet ellardagi vatandoshlar bilan hamkorligi xususida bo‘ldi.

— Erkin Jalilovich, taraqqiyotga erishgan davlatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, bunda vatandoshlar bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar muhim o‘rin ­tutishiga guvoh bo‘lamiz. Ochig‘i, tan olish kerak, biz uzoq yillar mobaynida ushbu masalaga yetarlicha ahamiyat bermadik. Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari va tashabbusi tufayli oxirgi to‘rt yilda vatandoshlar bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ayting-chi, mana shunday pragmatik muloqotning ­muhimligi nimada?

— To‘g‘ri aytasiz, hozirgi vaqtda ko‘plab vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijti­moiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga, o‘zlarining tarixiy Vatani — O‘zbekistonning obro‘sini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan ­munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda.

Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini ­yaratish hamda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar ­strategiyasida belgilangan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish maqsadida ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yilning 25 oktyabr kuni «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ­hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomil­lashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Ushbu hujjat asosida Xorijda is­tiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi va ular bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Asosiy maqsad — vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat tomonidan ularni rag‘batlantirish, salohiyatlarini mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga, davlatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga jalb qilishdir.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston ­fuqarolarining soni 2,5 milliondan ortiq (Rossiya Federatsiyasida 1,5 mln.dan, AQShda 100 mingdan, Qozog‘istonda 140 mingdan, Qirg‘izistonda 13 mingdan, Tojikistonda 5 mingdan ziyod, Yevropa davlatlarida 50 ming, Yaponiyada esa 4 mingga yaqin).

Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlarda 49 000 dan ortiq (Rossiya Federatsiyasida 17 488, Qozog‘istonda 17 000 dan ziyod, Janubiy Koreyada 10 000 ga yaqin, Polshada 1600 dan ortiq, Yevropaning ­boshqa davlatlarida 1000 dan ko‘p, ­Yaponiyada 700 dan ziyod) o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda.

Ta’kidlash joizki, fuqarolarimizning aksariyati xorijga borganidan so‘ng O‘zbekis­ton Respublikasining diplomatik vakolatxonalari konsullik ro‘yxatida turmasligi hamda chet el davlatlardagi shaxsiy ma’lumotlarning qonun tomonidan himoyalanganligi (shaxsning roziligisiz oshkor etmaslik) ular to‘g‘risida aniq ma’lumotlar olish, ayrim hollarda huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha tezkor yordam ko‘r­satishga to‘siq bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda yuqorida aytib o‘tganimdek, xorijdagi ko‘plab vatandoshlarimiz respublikamizning rivojlanishida bevosita qatnashish maqsadida O‘zbekistonga qaytib kelib, o‘zlarining hissalarini qo‘shishmoqda. Xususan, ular safidan yuqori malakali mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda joylardagi ijro hokimiyati va ­boshqa davlat tashkilotlariga ishga qabul qilindilar. Hozir 130 nafardan ortig‘i rahbar hamda mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bormoqda.

Bundan tashqari, chet eldagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz xorijdagi hamyurtlarimiz tomonidan tuzilgan tashkilotlar, o‘zbek milliy va madaniy markazlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan, oxirgi yillarda ular bilan birgalikda 700 dan ziyod tadbirlar — uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, brifinglar, videokonferensiyalar, konsert­lar uyushtirilganini alohida aytib o‘tish o‘rinlidir.

— Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasidan ko‘zlangan maqsad haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tsangiz.

— Mazkur konsepsiya — davlatning ushbu yo‘nalishdagi siyosatining prinsiplari, maqsadlari va mexanizmlarini namoyon etadigan qarashlarning yagona tizimidir.

Hujjatning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

— xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shart­nomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;

— O‘zbekiston madaniy, ilmiy hamda ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, uni ­dunyoda o‘rganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida o‘zbek tilini, madaniyatini hamda an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan ­vatandoshlarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

— O‘zbekiston Respublikasining ijti­moiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hamda uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishni istagan vatandoshlar hamda ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;

— O‘zbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoya­dorlik, ilmiy, ma’rifiy hamda madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-­sharoitlar yaratish;

— O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ­xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.

Ayni paytda mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi izchil davom ettirilmoqda.

— Ma’lumki, chet eldagi vatandoshlarni yurtimiz rivoji uchun hissa qo‘shishga jalb qilish maqsadida ularga muayyan yengilliklar yaratib berish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, vatandoshlarimizning salohiyatidan foydalanish, ularni ­Vatanga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish bo‘yicha qanday rejalar ishlab chiqildi?

— 2019 yil 25 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatga ko‘ra, vatandoshlarga tasdiqnoma berish uchun imtiyozli tartib joriy etilgan, tasdiqnoma olish uchun to‘lov miqdori kamaytirilgan.

Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi ­Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan vatandoshlarga mamlakatimiz hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berib kelinmoqda.

Qolaversa, 2019 yil 17 aprelda O‘zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xorijda yashayotgan ­vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif etishni rasmiylashtirish, ko‘p martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiy­lashtirish bo‘linmalari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi belgilangan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan joriy yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga amalga oshirilgan tashrif davomida vatandoshlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha bir qator vazifalar berildi.

Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida 2020 yilning ikkinchi yarmida Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandoshlarimizning investitsion salohiyatini, ularning bilim hamda tajribasini O‘zbekistondagi taraqqiyot jarayonlariga jalb etish, ular orasidan investorlar, malakali mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va talabalardan iborat «Oltin daftar» reyestrini shakllantirish, ularga muayyan yengilliklar ­yaratib berish rejalashtirilgan.

— Pandemiya davrida Vatanga qaytish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan bog‘liq ayrim muammolar yuzaga kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab murojaatlar paydo bo‘ldi. Ayting-chi, O‘zbekistonga qaytishni istagan vatandoshlarimizning hammasi olib kelindimi? Shu haqda ma’lumot bersangiz.

— Dunyo bo‘ylab COVID-19 pandemiyasi ­tarqalishi bois O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi.

Ushbu komissiyaning tegishli bayoniga muvofiq, 2020 yilning 16 martidan mamlakatimizda tegishli karantin choralari qo‘llanilmoqda. Shular qatorida, O‘zbekiston Respublikasi boshqa davlatlar bilan doimiy aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Chet ellardagi O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan fuqarolarimizning o‘sha davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan tegishli ro‘yxati shakllantirilib, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, charter reyslar orqali respublikamizga olib kelinmoqda. Shu kunga qadar 89 182 nafar (shundan 27 348 nafari charter reyslar, 1 245 nafari temir yo‘l qatnovlari va 60 589 nafari avtotransport orqali) O‘zbekiston fuqarosi respublikamizga qaytarildi. Ayni vaqtda 90 mingga yaqin fuqarolarimiz O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan va tegishli ro‘yxatga kiritilgan.

O‘z navbatida, Rossiya, Turkiya va boshqa ayrim davlatlarda COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralari bosqichma-bosqich yengillashtirilayotganligi bois ushbu davlatlarga mehnat migranti sifatida ketgan fuqarolarimiz o‘z ish joylariga qaytmoqda va O‘zbekistonga qaytish qarorini o‘zgartirmoqda.

— Koronavirusga qarshi kurashda xorijdagi vatandoshlarimiz ham o‘z yordamini berayotganini ko‘rib, eshitib turibmiz. Mana shu saxovat ishlarida qaysi davlatlardagi vatandoshlarimizni alohida e’tirof etgan bo‘lardingiz?

— Bu ko‘rinmas «yov»ga qarshi kurashda kimnidir alohida e’tirof etish unchalik ham to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblamayman. Chunki ushbu pandemiya tufayli qiyin va nochor ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizga xorijdagi barcha saxiy vatandoshlarimiz, homiylar, ishbilarmon doiralar vakillari mablag‘lari hamda diplomatik vakolatxonalardagi xodimlarimiz o‘z hisoblaridan ko‘mak berilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi oqibatida qiyin ahvolda qolgan Rossiya Federatsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolariga bir martalik moddiy yordam to‘lanadigan «Mehr» loyihasi joriy qilindi.

Mazkur mablag‘larning asosiy qismini elchixonaning maxsus ochilgan hisob varag‘iga homiylar tomonidan tushgan mablag‘lar tashkil etadi. To‘lovlar quyidagi toifadagi fuqarolarga ajratilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lganlar, qaramog‘ida 2 yoshga to‘lmagan farzandi bor hamda homiladorlik ­muddati 7 oydan oshgan ayollar, COVID-19 tashxisi tasdiqlangan fuqarolar hamda ­Rossiya oliy ta’lim muassasalarining ­kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar.

Shu kabi xayriya aksiyalari Vatanimizning xorijiy davlatlardagi barcha diplomatik va konsullik muassasalarining kundalik ish faoliyatiga aylanib ulgurgan.

Bugungi kunda chet eldagi vakolatxonalarimiz tomonidan homiylik mablag‘larini jalb qilgan holda 43 mingdan ziyod fuqarolarimizga moliyaviy va moddiy yordam ­ko‘rsatildi.

Shu o‘rinda hozirgi vaqtda chet elda bo‘lib turgan fuqarolarimizdan sabr-toqatli bo‘lishni va o‘zlari turgan davlatlardagi karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz.

— Vatandoshlar haqida so‘z yuritganda mehnat migrantlari ­xususida alohida to‘xtalishimiz tabiiy. Bugungi kunda eng ko‘p mehnat migrantlari Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurityapti. Ularga qulaylik va yengilliklar ­yaratishda yana qanday yangiliklar bo‘lishi mumkin? Boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ahvoli qanday?

— Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya hududida, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Vladivostok, Qozon, Rostov-Don, Novosibirsk ­shaharlarida hamda Qozog‘iston hududida — Nur-Sulton, Olmaota, Oqtau shaharlarida diplomatik va konsullik vakolatxonalar ­faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu bilan birga, Qozog‘istondagi Sari­ag‘ash hamda Rossiya Federatsiyasining Tula, Samara va Saransk shaharlarida Bosh ­konsulxonalarni ochish masalalari ko‘rib ­chiqilmoqda.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya, Rossiyadagi elchixona hamda konsullik muassasalarimizda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillari o‘z faoliyatlarini olib bormoqda. Hozirgi kunda agentlikning Turkiya, Latviya va Finlyandiyada vakolatxonalarini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.

Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Rossiya Federatsiya­siga borgan, ammo mavjud cheklovlar sababli ishsiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining vakolatxonalari konsullik okrugi hududidagi Mehnat vazirliklari, davlat mehnat inspeksiyalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda ishchi kuchiga ehtiyoji bo‘lgan turli korxona va tashkilotlar bilan doimiy ravishda muzokaralar hamda hamkorlik ishlarini olib borishmoqda.

Qolaversa, vakolatxonalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘z mehnat faoliyatlarini davom ettirayotgan davr mobaynida, ularning moslashishlari, ishga joylashish, hayotiy qiyin vaziyatga tushib qolgan taqdirda mehnat migrantlariga o‘z vaqtida zaruriy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada ken­gaytirish maqsadida «Rossiya migrantlari federatsiyasi» (Federatsiya migrantov Rossii) jamoat tashkilotining hududiy bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining vakolatxonalari tomonidan bir necha bor yuborilgan yig‘ma-tahlil ma’lumotlarda «Rabоta v Rossii» elektron portali nafaqat Tashqi mehnat migratsiya agentligi tizimida, balki xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun ochiq bo‘lib, to‘liq ishga tushirilishi kerakligi ta’kidlangan. O‘z navbatida, ushbu elektron portal Rossiya mehnat bozorini, uning doimiy va o‘zgaradigan talablarini tahlil qilishda hamda chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbiy yo‘naltirilishida imkoniyat berishi ma’lum qilingan.

Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi hududida karantin choralari bosqichma-­bosqich yumshatilayotgani bois ushbu ­davlatda mehnat faoliyatini davom ­ettirish niyatida bo‘lgan fuqarolar Bosh konsulxonalarga bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotni olish uchun murojaat qilmoqdalar.

Ishlash istagidagi fuqarolarga «Rabоta v Rossii» elektron platformasi orqali ish izlash imkoniyati mavjudligi, ushbu platforma yordamida fuqaroning yashab turgan hududida bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni doimiy ravishda olish mumkinligi ma’lum qilinmoqda.

Shuningdek, boshqa mamlakatlardagi mehnat migrantlarining aksariyati hozirgi pandemiya sharoitida Vatanga qaytish niyatini bildirganini ham aytish o‘rinlidir.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda ­Tashqi ishlar vazirligida ham konsullik ­xizmatlarini masofadan turib, ya’ni interfaol usulda amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, ayni paytda chet elda fuqarolik pasportini yo‘qotgan fuqarolarga «O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi»ni rasmiylashtirish, chet elda yashab turgan fuqarolarimizga doimiy yoki vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan o‘tish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, ­keyingi bosqichda fuqarolik holatlari (tug‘ilish, nikoh va boshqa guvohnomalar) bo‘yicha onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

 

Omonulla FAYZIYEV

(«Xalq so‘zi») suhbatlashdi.

«Xalq so‘zi» gazetasi 10.07.2020y.