O‘zbekistonlik yosh fermerlar uchun nemis mutaxassisi ishtirokida vebinar o‘tkazildi

O‘zbekistonlik yosh fermerlar uchun nemis mutaxassisi ishtirokida vebinar o‘tkazildi

Mamlakatimizning Frankfurt-Mayndagi (Germaniya) Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Yosh fermerlar kengashi Germaniya jamg‘arma kassalari fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Hayotda va ishda mas’uliyat: yer va qishloq xo‘jaligining kelajagi uchun» mavzusida vebinar o‘tkazildi.

 

Mazkur vebinarni o‘tkazishdan maqsad – mamlakatmizda qishloq xo‘jaligi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, sohaga kirib kelayotgan yoshlarni yetakchi xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishtirishdir.

Onlayn seminarda O‘zbekistonning turli hududlarida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat boshlagan 200 dan ortiq yosh va Yosh fermerlar kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda Germaniya jamg‘arma kassalari fondi vakili Matias Vangler tabiatni asrash va yerdan oqilona foydalanish, unumdorligini saqlagan holda uni kelajak avlodga yetkazish yuzasidan Germaniya tajribasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.

Vebinar «Zoom», «YouTube» va «Facebook» ijtimoiy tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatildi.

Bosh konsulxona O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Yosh fermerlar kengashi bilan birgalikda yurtimiz yoshlarini qishloq xo‘jaligiga qiziqtirish, ularni ushbu sohada jahonning yetakchi davlatlaridan hisoblangan Germaniya tajribasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘quv seminarlar tashkil etishni davom ettiradi.