O‘zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida hamkorlik

O‘zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida hamkorlik

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanganiga 75 yil to‘ldi. Xalqaro huquq vositasi bo‘lgan mazkur hujjat 1945 yil 26 iyun kuni San-Fransisko (AQSh) shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Ukraina va Fransiya tomonidan imzolangan.

1945 yil 24 oktyabr kuni kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi chaqirig‘iga javoban, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil to‘lishi munosabati bilan «BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh» mavzuidagi turkum global munozaralarni uyushtirmoqda.

Global munozaralarning dastlabkisi «O‘zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik» deb nomlandi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

26 iyun kuni videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan ushbu xalqaro forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Maxsus maslahatchisi Fabritsio Xoxshild, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya, BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek O‘zbekiston hukumati a’zolari, vazirlar, parlament a’zolari, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud rahbarlari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanning rasmiy ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston parlamenti Senatining Raisi T.Norboyeva o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida “O‘zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og‘ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir”, deya ta’kidlagan.

Anjuman ishtirokchilari e’tiboriga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning video-murojaati namoyish etildi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Maxsus maslahatchisi F.Xoxshild hamda BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Jenevadagi Bo‘limi Bosh direktori T.Valovaya anjuman ishtirokchilarini qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda o‘tkazilayotganida, uning ishida BMT va ushbu nufuzli Tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalaridan oliy darajadagi vakillar ishtirok etayotganida hamda mazkur anjuman yer yuzidagi insonlar hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida urg‘ulashda o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom ma’noda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning o‘z sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga bironta mamlakatning yolg‘iz o‘zi yechim topishi mushkul.

Bundan 28 yil muqaddam yangi demokratik davlat – O‘zbekiston Respublikasi – Tashkilotning teng huquqli a’zosiga aylandi. Shundan buyon biz o‘z masalalarimizni hal etishda doim BMT ko‘magiga tayanib kelmoqdamiz.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so‘zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim”.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «O‘zbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi».

Ma’lumki, bundan besh yil avval BMTga a’zo-davlatlar 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha Milliy indikatorlar hayotga samarali tadbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘zining ilk Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.

Xalqaro forum munozaralari doirasida bugungi kunda BMT oldida turgan dolzarb muammolar va O‘zbekistonning xalqaro maydonda ortib borayotgan roli atroflicha muhokama qilindi.

Onlayn-muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan g‘oya va takliflar 2020 yil sentyabrida davlat boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilishi kutilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati