OTB O‘zbekistonga 500 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratadi

OTB O‘zbekistonga 500 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki direktorlar Kengashi O‘zbekistonga 500 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishga qaror qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu qaror bugun ma’qullangan.

Imtiyozli qarz mablag‘lari 15 yil muddatga (shundan, 3 yil imtiyozli davr) Libor (6 oylik) + spred (0,5 foiz) yillik foiz stavkasida ajratilmoqda.

Jalb qilinayotgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va davlat byudjetiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Osiyo taraqqiyot banki qarz mablag‘larini ajratishdan avval mamlakatdagi makroiqtisodiy holat, shu jumladan, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xatarlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, OTB tomonidan respublika davlat qarzi barqaror va xatarlar past darajada, deb baholangan.