O‘zbekistonda chet ellik sayyohlar uchun «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda chet ellik sayyohlar uchun «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston Prezidentining «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur qaror turizm sohasini jadal sur’atlarda tiklash va mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng uni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida qabul qilindi.

Unga muvofiq, pandemiya sharoitida mahalliy va xorijiy turistlarning sayohatlari davomida sanitar-gigiyenik xavfsizlikni ta’minlash, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda respublikaning pandemiya sharoitida xavfsiz ekanini targ‘ib qilish maqsadida sayyohlar uchun «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» (O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN) sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimini joriy etish topshirildi.

Qarorga ko‘ra:

– xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlarda «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;

– O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish karantin davrida faqat «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimining xavfsiz ob’ektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma ob’ektlarida tashkil qilinadi.

– xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududida turoperator tomonidan «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimi talablariga rioya qilgan holda tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, sayyohlarga xavfsiz turizm jamg‘armasi mablag‘laridan 3 ming AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lovlari to‘lab beriladi.

Shuningdek, qaror bilan mamlakatga sayyohlar tashrifi uchun sharoit yaratish, turistik va yondosh infratuzilmani rivojlantirish maqsadida bir qator imkoniyatlar yaratildi.

Jumladan, 2020 yil 1 avgustdan boshlab reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi «havo erkinligi»ni taqdim etishni nazarda tutuvchi «Ochiq osmon» rejimi» «Andijon», «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi.

Xorijiy aviakompaniyalar ularning tegishli hujjatlarini tekshirish natijalariga ko‘ra, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) uchish xavfsizligi va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat’i nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishadi.