Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi «Sardoba» suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlari bilan tanishdi

Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi «Sardoba» suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlari bilan tanishdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri viloyat hokimligi manbasiga asoslanib.

Uchrashuvda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Karimov Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasiga «Sardoba» suv toshqini va undan ko‘rilgan zararni bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.

OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini xonim ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – «Sardoba» suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida infratuzilmaga yetgan talafotni baholash, o‘rganish va muzokaralar olib borish ekanini ta’kidladi.

Viloyat hokimligida OTB vakillari bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, suv ta’minoti, sanitariya, energetika, telekommunikatsiya, turizm, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya chorvachilik, sanoat va savdo, yo‘l infrastrukturasi masalalari bo‘yicha muzokaralar tashkil etildi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek, «Sardoba» suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida talafot ko‘rgan hududlar infratuzilmasi holati bilan tanishish maqsadida suv toshqini zarar yetkazgan hududda bo‘ldi.