«World Craft Council –APR» O‘zbekiston hunarmandlariga mablag‘ ajratdi

«World Craft Council –APR» O‘zbekiston hunarmandlariga mablag‘ ajratdi

Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi tashkiloti (WCC – APR) joriy yilning aprelida Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlarida yuz bergan tabiiy ofatda, shuningdek, Sardoba suv omborida ro‘y bergan favqulodda hodisa sabab zarar ko‘rgan hunarmandlarga ko‘mak berish maqsadida mablag‘ ajratdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri «Hunarmand» uyushmasi manbasiga asoslanib.

Mablag‘ tabiiy ofat va suv toshqini hodisasi sabab ustaxonalar va uylarga yetgan zararni qoplashga yo‘naltiriladi.

Ayni vaqtda «Hunarmand» uyushmasi ushbu hududlarda talafot ko‘rgan hunarmandlar ro‘yxatini shakllantirdi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan hunarmandlarning uyi va ustaxonasiga qisman yoki katta miqdorda zarar yetgani aniqlandi.

– Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida 120 nafar hunarmand faoliyat yuritadi, – deydi viloyat «Hunarmand» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Rahmatov. – Sardoba suv omborida ro‘y bergan favqulodda hodisa oqibatida qator hunarmandlar zarar ko‘rgani aniqlandi. Ularning asosiy qismi toshga ishlov berish, tikuvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik bilan shug‘ullanadi.

Ularga berilgan ko‘mak qiyinchilik paytida o‘z faoliyatlarini davom ettirishlariga ko‘mak va ruhiy dalda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston «Hunarmand» uyushmasi o‘tgan yili WCC-APR tashkilotiga a’zo bo‘lgan edi. 1964 yilda Belgiyada nodavlat-notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan xalqaro tuzilma boy madaniy merosni asrab-avaylash, rivojlantirish uchun seminarlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali dunyo hunarmandlarini qo‘llab-quvvatlaydi.